Chekka hududda to‘qimachilik sanoati rivojlanmoqda
Buxoro viloyati Olot tumanida investitsiya muhiti barqaror yo‘lga qo‘yilayotgani natijasida “SHOX GOLD TEKSTIL” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 32,5 milliard so‘mga teng bo‘lgan bo‘z mato ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur korxona 2022 yilda faoliyatini boshlagan bo‘lib, bugungi kunda 2,7 gektar yer maydonida, jumladan 18 230 kv. metr qurilish osti maydonida faoliyat yuritmoqda.

Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 1 million 200 ming pogon metr bo‘z mato bo‘lib, hozirda 40 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Bugungi kunda korxona Rossiya bozoriga eksport faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. 2023 yil yakunlariga ko‘ra, byudjetga 190 million so‘m soliq va boshqa yig‘imlar to‘lab berilgan.
2024 yilning o‘zida esa korxona tomonidan 320 ming AQSH dollarilik mahsulotlar bo‘z matolar xorijga eksport qilingan.

Loyiha doirasida energiya samaradorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Korxona yil davomida 360 ming kVt elektr energiyasi tejalishiga erishgan. Shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 90 foizi eksportga yo‘naltirilmoqda. Umumiy yillik mahsulot hajmi 76 milliard so‘mga teng.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2019–2023-yillarda Buxoro viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, tumanda 2,4 gektar maydonda “Xalifa-1” kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Ana shu zonaning 2,2 gektar maydoni “ SHOX GOLD TEKSTIL” MCHJga ajratilgan.

Korxona faoliyati mutasaddilar tomonidan o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida mavjud imkoniyatlar bilan bir qatorda, korxonaning duch kelayotgan muammolari tinglandi. Ishlab chiqarish jarayonini “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida takomillashtirish, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Loyiha orqali hududda to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, ichki va tashqi bozorni sifatli trikotaj mahsulotlari bilan ta’minlash hamda eksport hajmini 5,8 million AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.