Chekka hudud aholisining bandligi ta’minlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani hokimligi hamda Ӯzbekiston Respublikasi Prezidenti To‘rtko‘l tumani Xalq qabulxonasi mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh bir qator mahallalarda bo‘lib, aholi, shu jumladan, yoshlar bandligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab tumandagi “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla yettiligi bilan suhbat o‘tkazilib, ularning faoliyati bo‘yicha o‘rganish olib borildi. Ushbu hududda 2024 yil 1 yanvar holatiga 946 xonadonda 978 oila bo‘lib, 2 ming 510 nafar aholi yashab kelmoqda. Joriy yilda ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlash borasida bir qator ishlar olib borilgan. Jumladan, 118 nafar fuqaro o‘zini-o‘zi band qilgan. Shundan 68 nafari doimiy ishga, 20 nafar ayol mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingan. Bundan tashqari yil boshidan 21 nafar fuqaroga imtiyozli kredit va 9 nafar fuqaroga subsidiya ajratish orqali bandligi ta’minlangan.

O‘rganishlar davomida mahalla aholisini qiynab kelayotgan birlamchi muammolar, ularni hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, mahallada yashovchi fuqaro Oygul Abdullayeva bilan suhbat o‘tkazildi.

O.Abdullayeva bugungi kunda xonadonida tomorqa yer maydonidan unumli foydalangan holda gulchilik bilan shug‘ullanish orqali o‘z daromadini oshirib kelmoqda. Shuningdek, xonadon egasi gulchilik qilish orqali o‘tgan yili 50 million so‘m sof foyda olishga erishdi. Uning bu yilgi rejasi 70 million so‘m sof daromad olish. Ishchi guruh a’zolari mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyasi bilan imtiyozli davr bilan 33 million so‘m kredit olib o‘z biznesini boshlagan yana bir tadbirkor “Robiya tort” shirinliklari korxonasi ish faoliyati bilan tanishdi. Tadbirkor bugungi kunda 3 nafar ishsiz xotin-qizni doimiy ish bilan band qilib kelmoqda. Korxona rahbari G.Tadjimuratova joriy yil 1 iyul holatiga 45 million so‘m sof daromad olganini hamda o‘z biznesini rivojlantirish maqsadida yana 100 million so‘m imtiyozli davr bilan kredit olishga harakat qilayotganligini ta’kidladi.

Ishchi guruhi a’zolarining yana bir manzili tumandagi “Turkiston” mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘ldi. Ushbu mahalla yettiligi tomonidan joriy yil boshidan o‘tkazilgan xatlov natijasida 127 nafar ishsiz aniqlangan. Ularning bandligini ta’minlash borasida bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 35 nafar fuqaro doimiy ishga, 15 nafar ayol mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingan. 32 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilib, o‘z oilaviy tadbirkorliklarini tashkil qilgan. Bundan tashqari yil boshidan 22 nafar fuqaroga imtiyozli kredit va 5 nafar fuqaroga subsidiya ajratish orqali bandligi ta’minlangan.
Mahallada yangidan tashkil qilinayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga ishga joylashtirish orqali ishsizlarni to‘liq qamrab olish rejalashtirilgan. Mahalla aholisi asosan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish orqali o‘z daromadlarini yaxshilab kelayotgani qayd etildi.
Ishchi guruhning aholi, shu jumladan, yoshlar bandligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishi davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri