Chegaraoldi hudud yoshlari bilan uchrashuv
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanining chegaraoldi hududlaridan biri, bugungi kunda “Turizm qishlog‘i” maqomini olgan Nanay qishlog‘ida Respublika Mudofaa vazirligi huzuridagi Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Dastavval, qishloq ko‘chalari bo‘ylab, harbiy xizmatchilar hamda yoshlar ishtirokida vatanparvarlik karvoni saf yurishlari bo‘lib o‘tdi.


Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlari, Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilari, faxriylar hamda keng jamoatchilik vakillari jam bo‘lgan mazkur muloqotda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Oybek Saidov bugungi kunda yosh avlod kamolotiga qaratilayotgan e’tibor berayotganligini ta’kidladi. Qolaversa, milliy armiyamizda olib borilayotgan izchil islohotlar xususida ham batafsil to‘xtalib o‘tdi.


Qo‘mondon chegara hudud yoshlari bilan ochiq muloqotga kirishib, mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan harbiy yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlari hamda ularning imkoniyatlari va mutaxassisliklari bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.
Qizg‘in savol-javob ruhida kechgan tadbir yakunida, unda faol ishtirok etgan bir guruh yoshlarga Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining qimmatbaho esdalik sovg‘alari taqdim etildi.



Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.