Chegarachilarning ma’muriy binosi yangilandi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yillik bayrami arafasida Dengizko‘l chegarani qo‘riqlash vzvodining to‘liq kapital ta’mirdan chiqarilgan ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda Buxoro viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Botir Zaripov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni istiqlol ayyomi, shuningdek, yangi binoning ochilishi bilan qutladi. Shuningdek, viloyat rahbari Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan harbiy sohaga qaratilayotgan e’tibor haqida alohida to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, sarhadlarmizni ishonchli qo‘riqlashdek o‘ta mas’uliyatli vazifalarni bajarib kelayotgan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tizimida so‘nggi yillarda tub o‘zgarishlar, misli ko‘rilmagan yangilanishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetidan Chegara qo‘shinlariga ajratilgan 6 milliard 600 million so‘mdan ortiq mablag‘ hisobidan ushbu chegarani qo‘riqlash vzvodida amalga oshirilgan kapital ta’mirlash ishlaridan so‘ng ma’muriy majmua butkul yangi qiyofaga kirdi.

Majmuani kapital ta’mirlashda “Rahmon Jamshid” MCHJ loyihachi va quruvchilari alohida jonbozlik ko‘rsatishdi. Ularning fidokorona mehnatlari tufayli xizmat xonalari, yotoqxona va oshxona, omborxona va avtosaroy, bir so‘z bilan aytganda, xizmatni o‘tash uchun barcha munosib sharoitlar yaratilgan ob’ekt chegarachilarga mustaqillik bayrami tuhfasi bo‘ldi.

Tadbirda muhandis-quruvchilarga ehtirom ko‘rsatildi. Faxriy chegarachilar ham so‘z olib, yosh chegarachilarga yaratib berilayotgan zamonaviy shart-sharoitlar, imtiyoz va imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi.
Alvon lenta qirqilib, yig‘ilganlar inshootda yaratilgan sharot-sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri