“CAITME 2026”: Jahon to‘qimachilik sanoati vakillari Toshkentda uchrashadi
Joriy yilning 8-10-sentabr kunlari poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari - CAITME 2026” 17-Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
Shu munosabat bilan bugun “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda CAITME loyiha direktori Gullola Nodirxonova, kompaniya menejeri Nodira Hayitboyeva va boshqalar so‘zga chiqib, ko‘rgazmaning ahamiyati, ishtirokchilar tarkibi hamda bu yilgi yangiliklar haqida ma’lumot berdi.
CAITME to‘qimachilik uskunalari va texnologiyalariga bag‘ishlangan ixtisoslashtirilgan xalqaro ko‘rgazma bo‘lib, Markaziy Osiyo to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati uchun muhim professional maydon sanaladi. 2004-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur ko‘rgazma mustaqil audit natijalariga ko‘ra, MDHda o‘z yo‘nalishidagi eng yirik tadbirlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, u “UFI Approved Event” xalqaro maqomiga ega.

Gullola Nodirxonovaning ta’kidlashicha, CAITME yillar davomida nafaqat zamonaviy uskunalar namoyish etiladigan, balki soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba va fikr almashish, yangi texnologiyalar bilan tanishish hamda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini beruvchi yirik professional platformaga aylangan.
– CAITME’da mahalliy korxonalar jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilib, o‘z ishlab chiqarishi uchun zarur zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ko‘rgazmaning asosiy yo‘nalishlaridan biri to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va korxonalar samaradorligini oshirishga ko‘maklashishdir. Bu yerda ip-kalava ishlab chiqarishdan tortib, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishgacha bo‘lgan butun texnologik jarayonni qamrab oluvchi zamonaviy mashina va uskunalar namoyish etiladi, – dedi Gullola Nodirxonova.

Bu yilgi ko‘rgazmada to‘qimachilik mashinasozligi va texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi turli mamlakatlar kompaniyalari ishtirok etadi. Germaniya o‘zining Milliy paviloni bilan qatnashadi. Shuningdek, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Italiya, Xitoy, Turkiya, AQSH, Shveysariya va boshqa davlatlarning yetakchi kompaniyalari o‘z mahsulot va texnologiyalarini taqdim etadi.
Ishtirokchilar geografiyasining kengayib borayotgani CAITME’ning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda to‘qimachilik sanoati uchun muhim biznes va texnologiyalar markazi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
– Bugun xalqaro ko‘rgazmalar uchun ishtirokchilar geografiyasi va ularning sifat tarkibi juda muhim. CAITME ham yildan-yilga o‘z xalqaro ko‘lamini kengaytirib bormoqda. Bu yil Germaniyaning Milliy pavilon bilan ishtirok etishi, shuningdek, Yevropa va Osiyoning yetakchi kompaniyalari o‘z texnologiyalarini taqdim etishi ko‘rgazmaning xalqaro darajasini yana bir bor namoyon etadi. Yana bir muhim jihat shuki, ko‘rgazmada to‘qimachilik sanoati uchun mashina va uskunalar ishlab chiqarish sohasidagi jahonning taniqli kompaniyalari ishtirok etayotgani, – dedi “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Hayitboyeva.

CAITME’ning muhim jihatlaridan yana biri ko‘plab ishlab chiqaruvchilar mashina va uskunalarni shunchaki stendda namoyish etish bilan cheklanmay, ularni bevosita ish jarayonida ko‘rsatishi. Bu mutaxassislarga texnologiyalarni amalda ko‘rish, uskunalarning imkoniyatlarini baholash va muayyan ishlab chiqarish uchun mos yechimlarni tanlash imkonini beradi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga tashkilotchilar va soha vakillari atroflicha javob berdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA