Byuroning poytaxt boshqarmasi murojaatlarga qanday yondashmoqda?
Aholi murojaatlari o‘z o‘rnida hal etilishida har bir davlat tashkilotining vakolat doirasida mas’uliyati bor va buni hamisha his etishi lozim. Shu ma’noda Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi va hududiy tuman bo‘limlari tomonidan fuqarolarning ariza va murojaatlari o‘rganilib, tahlil qilinadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 2022 yilning 9 oyi davomida Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi va tuman bo‘limlariga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 18 360 ta murojaatdan 4 714 tasi qanoatlantirilgan, 9 920 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 72 tasi rad qilingan.
Bundan tashqari o‘tkazib kelinayotgan sayyor qabullar davomida Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi hamda hududiy tuman bo‘limlarida 3 537 nafar fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklanib, 57,6 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ undirilgan.
Jumladan, aliment undirish yuzasidan Byuroning Toshkent shahar boshqarmasiga 5 692 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 2 483 tasi qanoatlantirilgan. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31foizga ko‘p degani. Natijada 2 039 nafar fuqaroning huquqlari tiklanib, 7,23 mlrd. so‘mdan ziyod aliment undirilgan.
Joriy yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, aliment undirish bilan bog‘liq qoldiqdagi 25 827 ta ijro hujjatidan 6 939 nafar qarzdorning aliment to‘lovlari oylik ish haqiga qaratilgan, 7 666 nafari bandligi ta’minlangan va ishga joylashgan.
Aliment to‘lovchi ishsiz qarzdorlarni ishga joylashtirish bo‘yicha tuman bandlikka ko‘maklashish markazlari hamda Byuro bilan hamkorlikda masalaga jiddiy yondashib, 3 830 nafar qarzdorni ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, 7 990 ta ijro hujjati tamomlangan bo‘lib, shundan 4 973 tasi taraflarning o‘zaro kelishuvi bilan va Byuro organlarining aralashuvi va targ‘ibot ishlari natijasida 1.538 nafar oila yarashtirilgan.
Misol uchun, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan qarzdor I.Qurbonovdan undiruvchi F.Nurullayeva foydasiga voyaga yetmagan 3 nafar farzandi ta’minoti uchun oylik ish haqi va boshqa daromadlaridan 1/2 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro ishi davlat ijrochisi M.Xudoyberganov ish yurituviga berilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 23-moddasiga asosan qo‘zg‘atilgan. Davlat ijrochisining harakatlari va targ‘ibot ishlari natijasida alimentchi otadan farzandlari voyaga yetguniga qadar 413 mln. 168 ming so‘m aliment puli naqd ko‘rinishda undirib berildi.
Bundan tashqari, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan qarzdor Sh.Baratovdan undiruvchi Z.Baratova foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Otaning aliment qarzdorligi jami 104 589 495 so‘mni tashkil qilib, ijro harakatlari davomida Byuroning Yunusobod tuman bo‘limi davlat ijrochisi F.Anvarova tomonidan qarzdor Sh.Baratovdan ikki nafar voyaga yetmagan farzandi foydasiga 104.589.495 so‘m to‘liq undirib berilgan.
Darhaqiqat, ta’kidlash joizki, xotin-qizlarni qo‘llab quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirish va mustahkamlash masalalarida muayyan ishlar davom ettirilmoqda.
Shuhrat NE’MATOV, O‘zA