Buzilgan ko‘prik uch kunda tiklandi
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Qumboyg‘undi qishlog‘ining ichidan o‘tgan “Obi hayot” kanali ustiga o‘rnatilgan, hashar yo‘li bilan qurilgan ko‘prik bir necha kun avval og‘ir yuk mashinasi o‘tishi natijasida qulab tushgan. Natijada qishloq ikkiga ajralib qolgan. Ayniqsa, bu maktabga qatnovchi o‘quvchilar, masjidga qatnovchi namozxonlar uchun juda noqulaylik tug‘dirayotgan edi.
Holatni o‘rganish maqsadida manzilda bo‘lib, qishloq odamlari bilan suhbatlashdik.
– O‘tgan asrning 70-yillarida hashar yo‘li bilan qurilgan edi bu ko‘prik, – deydi Orol bobo Murodov. – Aslida oxirgi yillarda eskirib, ta’mirtalab bo‘lib qolgan edi. Ustiga ustak og‘ir texnika o‘tib o‘pirib yubordi. Endi bori ham yo‘qoldi. Qishloqning narigi tomoni bilan uzilib qoldik. To‘y-hasham, ma’rakamiz, azamiz bitta bo‘lsa, juda xunuk voqea bo‘ldi bu. Bu ko‘prikdan nafaqat qishlog‘imiz odamlari, balki qo‘shni qishloqliklar ham o‘tardi. Ayniqsa, hozir bahorgi ta’til vaqti, erta-indin maktab boshlanadi. Keyin o‘quvchilarning qatnashi ham muammo bo‘lib qoladi. Kamida 5-6 kilometr masofa bosib, qo‘shni qishloqdagi ko‘prikdan o‘tib kelishiga to‘g‘ri keladi. Kanalda suv hajmi katta.
Hashar yo‘li bilan qurilgan bo‘lsa-da, shu yerlik aholi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu ko‘prikning qulab tushishi haqiqatda odamlar uchun noqulaylik tug‘dirgani rost.
Tuman hokimi boshchiligidagi mas’ullar aholining bu muammosiga bee’tibor qarashmadi. Uch kun muddat ichida buzilgan ko‘prik qayta tiklanib, avvalgi temir quvurlar o‘rniga mustahkam beton panellar olib kelib o‘rnatildi. Qurilishi mukammal tarzda oxiriga yetkazilmagan bo‘lsa-da, ikki tomonlama harakat tiklandi. Qatnov yo‘lga qo‘yildi.
– Joriy yilning 26-mart kuni ko‘prik buzilib, qatnov uzilib qolgandi, – deydi “Shodlik” MFY raisi Farruh Boymurodov. – Tumanimiz mas’ullari uch kun ichida mustahkam plitalarni olib kelib o‘rnatib berishdi. Bunaqasi hali bo‘lmagan. Bundan odamlarimiz juda minnatdor. Chunki bu ko‘chadan texnikalar, o‘quvchilar va boshqalar o‘tardi. Ko‘prik qurgan savob, deydi. Albatta, biz ham qarab turmaymiz. Xalqimiz bilan jipslashib, homiylarimizni jalb etgan holda betonlash, chetiga xavfsizlik uchun panjaralar o‘rnatish ishlarini bajarib, ko‘prigimizni yanada mustahkamlashni maqsad qilganmiz. Bu ishlarni ham uzog‘i uch-to‘rt kun ichida oxiriga yetkazamiz.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, bugun aholini rozi qilish, muammolariga o‘z vaqtida e’tibor qaratish Yurtboshimiz rahbarligida olib borilayotgan siyosatning tub mohiyatini tashkil qilmoqda.
[gallery-16681]
Aholi vakillarining aytishicha, qurilganiga 50-yildan oshgan ushbu ko‘prik yillar davomida eskirgan va bu bo‘yicha ilgari ko‘plab murojaatlar qilingan, ammo e’tiborsiz qoldirilgan.
– Haqiqat bor ekan, – deydi faxriy o‘qituvchi Norboy Otaboyev. – Yoshim 70 ga yaqinlashyapti. Ko‘prik buzilibdi, deganda bori ham ketdi, endi nima bo‘larkin, deya o‘ylagandim. Uch kun ichida mana shaxsan tuman hokimining o‘zi, sektor rahbarlari kelib, ustida turib beton plitalarni qo‘ydirib berdi. Shag‘al to‘kish, betonlash ishlari boshlanib ketdi. Ilgari bir rahbarning qabuliga kirish uchun soatlab kutardik. Mana, bugun ularning o‘zi oldimizga kelib, muammolarimizga yechib bermoqda. Buning uchun Yurtboshimizdan juda minnatdormiz. Qo‘llarimiz doim duoda.
Xalqimizda ko‘prik qurgan savob bo‘ladi, degan naql bor. Amalga oshirilgan ishlardan minnatdor bo‘lgan qumboyg‘undilik keksa-yu yoshlar ham shukronalik keltirib, ishni boshida turgan mas’ullarni duo qilishmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari