“Buyuk birlik” partiyasi delegatsiyasi Buxoroda
Turkiya Respublikasining “Buyuk birlik” partiyasi raisi Mustafo Destiji boshchiligidagi delegatsiyaning Buxoroga tashrifi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, ma’naviy yaqinlik va madaniy aloqalarning yanada mustahkamlanayotganining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Mehmonlar Buxoro temir yo‘l vokzalida Xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi Jamol Ashurov tomonidan samimiy va yuksak mehmondo‘stlik ruhida kutib olindi. Milliy qadriyatlarga xos munosabat va hurmat muhiti delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.
Tashrif dasturi, avvalo, Buxoroning eng muqaddas ziyoratgohlaridan Bahouddin Naqshband majmuasini ziyorat qilishdan boshlandi. Mehmonlar hazrat Bahouddin Naqshband maqbarasida bo‘lib, buyuk mutafakkir va tasavvuf namoyondasining boy ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishdi. Ziyorat davomida tinchlik, barqarorlik va xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlar haqida so‘z yuritildi.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Buxoroning dunyoga mashhur tarixiy va me’moriy obidalari bilan tanishdi. Xususan, Ark qo‘rg‘oni, Somoniylar maqbarasi, Poyi Kalon majmuasi hamda Labi Hovuz ansambli mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Asrlar davomida saqlanib kelayotgan ushbu noyob obidalarning betakror me’morchiligi, milliy naqsh va bezaklari hamda ma’naviy qiymati delegatsiya vakillarida qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-29273]
Tashrif davomida ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklik, turkiy xalqlarni birlashtirib turuvchi ma’naviy qadriyatlar, madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Bu kabi muloqotlar nafaqat siyosiy aloqalarni, balki xalq diplomatiyasini mustahkamlash, turizm va madaniy almashinuvni kengaytirishga ham xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mustafo Destiji boshchiligidagi delegatsiyaning Buxoroga tashrifi ko‘hna shaharning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini, uning nafaqat tarix va ziyorat turizmi, balki madaniy diplomatiya markazlaridan biri sifatida ham yuksak ahamiyat kasb etayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.