Buxoroning yangi aeroporti xalqqa va hudud iqtisodiga qanday foyda keltiradi?
Prezident tashrifidan so‘ng...
Bu yerda tarix jonlanib ketayotganday go‘yo. Boshqa tomondan qaralsa, bu joy kelajakka ochilgan darvozaga o‘xshaydi. Mana hozir Ark qo‘rg‘onidaman. Sal naridagi Poi Kalon va Labi Hovuz ansambllarini ham tomosha qildim.
Shahar havosidan tarixning ifori keladi. Sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarga e’tibor qilganingda esa zamonaviy ruhni his qilasan. Germaniyaga qaytsam bu hayajonimni hamma yaqinlarimga hikoya qilaman. O‘ylaymanki, men kabi hayratga tushganlarning jonli taassurotlari yana ming-minglab sayyohlarni shu zaminga chorlaydi...
Bu taassurotlar nemis sayyohi Yohnas Bayerga tegishli. Uning so‘zlarini tinglar ekanman qalbim g‘ururga to‘ldi. Buxoroga kelib-ketuvchi sayyohlar qisqa davrda yana bir-necha karra ko‘paysa kerak degan fikr o‘tdi xayoldan.
Ha, vaqt shiddati va global turizm talablari yangi marralarni belgilashni taqozo etmoqda. Prezidentimizning viloyatga tashrifi nafaqat hudud iqtisodiyoti, balki qadim kentning dunyo bilan bog‘lanish nuqtasini tubdan o‘zgartiradigan ulkan loyihaga debocha bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev 10-aprel kuni Buxoroga tashrifi davomida shaharning yangi xalqaro aeroporti loyihasi bilan yaqindan tanishdi. Mazkur loyiha hududning transport salohiyati, balki iqtisodiy qiyofasini ham yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, yangi aeroportda barcha turdagi havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega uchish-qo‘nish yo‘lagi quriladi. Uning uzunligi 3,3 kilometr bo‘ladi. Shuningdek, soatiga 1 ming 200 nafar yo‘lovchiga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega aerovokzal majmuasi barpo etiladi.
Ushbu transport inshooti hamda unga tutash infratuzilmani barpo etish uchun shahar tashqarisidan jami 370 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu katta loyiha doirasida umumiy uzunligi qariyb 24 kilometr bo‘lgan aeroportga olib boruvchi avtomobil yo‘li ham quriladi. Shuningdek, yo‘l bo‘yida 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 9 ta yer osti piyodalar o‘tish joyi va 8 ta ko‘prik barpo etilishi nazarda tutilgan.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan mazkur loyihaning ahamiyati va o‘ziga xos jihatlari haqida qisqa suhbat qildik.
– Ilhom Rustamovich, Buxoroning transport infratuzilmasidagi bugungi o‘zgarishlarning mohiyati nimada?
– Buxoroning zamonaviy transport tizimini takomillashtirib borish strategik vazifa sanaladi. So‘nggi yillarda hududda yo‘l va ko‘priklar qurilishi izchil tus oldi. Sayyohlar oqimi yildan-yilga ortib borayotgani tizimni tubdan transformatsiya qilishni talab etmoqda. Davlatimiz rahbari 2024-yil Buxoroga tashrifi chog‘ida turizm salohiyatini oshirish uchun yangi aeroport barpo etish topshirig‘ini bergan edilar. Maqsadimiz vatandoshlarimiz va xorijiy mehmonlar uchun eng yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan servis maskanini yaratishdir.
– Yangi aeroport qurilishiga bo‘lgan zaruratni misollar bilan izohlasangiz?
– Asosiy omil amaldagi aeroportning shahar ichida qolgani va infratuzilmasining ma’naviy eskirganidir. Shahar kengaymoqda, aholi zichligi oshmoqda. Yangi aeroport shahardan 23 kilometr uzoqlikda, keng imkoniyatli hududda qurilyapti.
Loyiha davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. Hozirda davlat majburiyatidagi qurilish ishlariga kirishilgan. Xususiy sherikni aniqlash bo‘yicha ikki bosqichli tender yakunlanish arafasida. Prezidentimiz sifat nazoratiga alohida urg‘u berdilar. Shu bois, xalqaro toifadagi konsultant-injenerlarni jalb etganmiz. Ular nafaqat qurilishni, balki kelgusida aeroportni boshqarish jarayonlarining xalqaro standartlarga muvofiqligini ham kafolatlaydi.
Aeroportga eng zamonaviy navigatsiya va radiolokatsiya uskunalari o‘rnatiladi. Bu iqlim sharoitidan qat’i nazar, parvozlar xavfsizligini yuqori darajada ta’minlashga xizmat qiladi. Muxtasar aytganda, bu shunchaki bino emas, balki Buxoroning kelgusi ko‘p yillik ehtiyojlarini qoplaydigan texnologik majmua bo‘ladi.
Vazir bilan suhbatlashar ekanmiz, yangi aeroport loyihasi faqat bunyodkorlik ishi emasligini anglaymiz. Darhaqiqat, bu Buxoroning dunyo iqtisodiy va sayyohlik xaritasidagi o‘rnini mustahkamlash sari tashlangan navbatdagi qadam sanaladi. Shahar chetida, 370 gektarlik maydonda bo‘y ko‘rsatajak bu inshoot ko‘plab yangi ish o‘rinlari, qanchadan-qancha sayyohlar va viloyatga kirib keladigan yangi investitsiyalar deganidir.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri