Buxorolik pillakorlar marrani zabt etdi
Buxoro viloyati «kumush tola» ijodkorlari bu yil ham mo‘l hosil yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi. Shu paytgacha qabul punktlariga 2 ming 400 tonna pilla topshirildi. Ko‘zlangan xirmon oshig‘i bilan uddalandi. Bu ko‘rsatkich 2020 yilgi mavsumda ko‘tarilgan xirmon 1 ming 648 tonna “kumush tola”dan 706 tonnaga ko‘p demak.
O‘tgan yili 27 aprelda sodir bo‘lgan tabiiy ofatdan qishloq xo‘jaligi, jumladan, bir nechta tumandagi tutzor ham zarar ko‘rdi. Birgina Olot tumanida 253 gektar tutzorga ziyon yetdi. Ammo shunday murakkab vaziyatda omilkorlik bilan ish tutish, ilg‘or usullarga tayanish, pillachilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash o‘z natijasini berdi.
Salmoqli xirmonda bugun Shofirkon, Buxoro, Peshku, Qorako‘l, Olot, Romitan, G‘ijduvon, Kogon, Jondor tumanlari pillakorlarining qo‘shgan hissalari salmoqli bo‘ldi. Bu yil viloyat tumanlarida o‘tgan yilga nisbatan 2 ming qutidan ortiqroq, ya’ni 42 ming 36 quti pilla tarqatildi. Barakali xirmon bunyod etildi. Pillachilik sohasida yaratilgan imkoniyat, oilaviy zvenolar va kasanachilarning qo‘llab-quvvatlanishi, ularga oziq-ovqat, rag‘bat pullari, shuningdek, mehnat shartnomasi asosida ish haqining o‘z vaqtida berib borilishi ipak qurti boqish istagidagi oilalarning soni ortishiga olib keldi.

Shu maqsadda 1 ming 900 dan ortiq fermer xo‘jaligi yoki 13 ming 533 ta kasanachi, ya’ni, oilaviy zvenolar bilan agroklasterlar o‘rtasida kontraktatsiya shartnomalari tuzildi. Joylarda tumanlar hokimliklari va pillachilik klasterlari hamkorligida tarmoq faoliyati samarali tashkil qilindi. Jarayonda pilla ozuqa bazasini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratildi. Mavsumni betalofat o‘tkazish chora-tadbirlari ko‘rildi. Bunda jumladan, shofirkonlik mirishkorlar 3 ming 352 qutidan 188 tonna o‘rniga 192, Romitan tumani pillakorlari 3 ming 505 quti ipak qurtidan 196 tonna o‘rniga 198, Buxoro tumani mehnatkashlari 3 ming 464 quti ipak qurtidan 195 tonnadan ziyod, peshkulik zahmatkash pillachi xo‘jaliklar 2 ming 659 quti ipak qurtidan 150 tonnadan oshirib, qorako‘llik oilaviy zvenolar esa 4 ming 578 quti ipak qurtidan 256 tonnadan ko‘p “kumush tola” yetishtirishga muvaffaq bo‘lishdi.
Yutuq omili albatta, sohada ozuqa bazasi ta’minotiga chambarchas bog‘lanadi. Shu boisdan viloyatda joriy yil bahor mavsumida yakka qator tut ko‘chatlarini o‘tqazish va tutzorlarni kengaytirishga jiddiy kirishilgan.
– Amalga oshirilgan ishlarga nazar solsak, viloyat miqyosida bu yil erta bahorida jami 6 million 955 tup tut ko‘chati ekish ishlari boshlanib, yakunda umumiy miqdori 12 million 202 tupga yoki 132 foizga uddalandi, – deydi viloyat hududiy “Agropilla” MCHJ raisi O‘tkir Navro‘zov. – Jumladan, “Romstar” qo‘shma korxonasi tomonidan Jondor tumanida jami 732 ming, Romitan tumanida 780 ming tup, “Bukhara Brilliant Silk” MCHJ tomonidan Shofirkondagi fermer xo‘jaliklari konturlarida 732 ming tup, Peshku tumanida 668 ming tup, “Kumushkent ipagi” MCHJ tomonidan Vobkentda 704 ming tup, Kogon tumanida 840 ming tup, “Qorakul ipak cluster” MCHJ tomonidan tumanda 1 million 170 ming tup o‘rniga 1 million 370 ming tup, “Gijduvon ipak tola” MCHJ tomonidan hududda 841 ming tup o‘rniga 1 million tupdan ziyod, “Olot ipak tolasi” MCHJ tomonidan esa 976 ming tup tut ko‘chati o‘tqazildi. Viloyatda pilla yetishtirishda kengaytirilayotgan tutzor maydoni bu yil 4 ming 302 gektarni tashkil etdi. O‘tqaziladigan tut soni 9 million 800 tupdan oshiriladi.
Viloyat Bandlik bosh boshqarmasi “Agropilla” tashkiloti bilan hamjihatlikda qishloq aholisini, ayniqsa “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash va ularning daromadlarini oshirish uchun 1 qutidan pilla tarqatib berish orqali daromadli qilish choralari ko‘rilgani o‘z natijasini berdi.
Qorako‘l tumanining “Qorahoji” MFY da istiqomat qiluvchi Shoira Ochilova hamda «Do‘rmon» MFY da yashovchi Qunduz Hojiyeva singari ko‘p yillik oilaviy zvenolarida ham barakali hosil yetishtirildi. Ularning har birida 1,5 quti ipak qurtidan 130 kilogrammga yetkazib hosil olindi va tarozi boshida qo‘lga kiritilgan sof foyda ham 1 million 200 ming so‘mdan kam emasligi alohida rag‘bat demak.
– Viloyatimizda qimmatbaho sanoat xomashyosi – pillaning har kilogrammi tannarxi yil sayin o‘sib, pillakorlar xo‘jaliklari soni ortayotgani barobarida fuqarolar bandligi ham oshib bormoqda, – deydi viloyat hududiy “Agropilla” MCHJ raisi O‘tkir Navro‘zov. – Xususan, joriy yilgi mavsumda 3,5 ming nafar doimiy, 80 mingdan ortiq mavsumiy ishchi jalb qilinmoqda. Buning natijasida qabul maskanlarida saranjomlangan pilla hosilini xomashyo emas, balki qayta ishlangan holda chet davlatlarga eksport qilishga qaror qilingan. Joriy yilda qayta ishlashga yo‘naltirilayotgan 2 ming 354 tonna “kumush tola”ning umumiy mahsulot eksporti qiymati 8,6 million AQSH dollaridan kam emas. Shu o‘rinda, qayta ishlanadigan xomashyo turlariga to‘xtalsak, 169 tonna xom ipak va 113 tonna ipak momig‘ini qayta ishlashdan 392 ming pogonometr hajmdagi ipak mato, yana qirqqa yaqin gilam mahsuloti tayyorlanadi va xorijiy buyurtmachi hamkorlarga yetkaziladi.

Ayni paytda Buxoro, Olot, Qorako‘l va G‘ijduvon tumanlarining har birida 2 million AQSH dollari qiymatidagi loyihalar amalga oshirilishi va qayta ishlash tizimini modernizatsiyalashtirish hisobidan joylarda jami 19 ming kishini ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi. Umuman, sohada olib borilayotgan yangilanishlar tufayli viloyatda joriy yil avgust, sentyabr oylarida ham fermer xo‘jaliklari va oilaviy zvenolar, kasanachilar tomonidan yana 4 ming 200 quti ipak qurtini parvarishlash, ishlab chiqarishga qo‘shimcha 170 tonna “kumush tola” xomashyosini yetishtirish chora-tadbiri ko‘rilmoqda. Bu xirmon ham viloyat iqtisodiyotiga munosib hissadir.
Zarif Komilov, O‘zA