Buxoroda zamonaviy sug‘orish texnologiyalari joriy etiladi
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov AQSH "Export-Import Bank of the United States (US EXIM Bank)"ning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha biznesni rivojlantirish menejeri John Ahn hamda "Valmont Industries" kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida viloyatda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada modernizatsiya qilish, xususan, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish, yirik infratuzilmaviy va investitsion loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, “Valmont Industries” kompaniyasi qishloq xo‘jaligida ilg‘or sug‘orish texnologiyalari va muhandislik infratuzilma yechimlarini taqdim etuvchi jahonning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 5 qit’ada 22 dan ortiq ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lib, 100 dan ziyod mamlakatlarga Valley® yomg‘irlatib sug‘orish uskunalarini yetkazib berib kelmoqda. Ularning Center Pivot va Frontal turdagi sug‘orish tizimlari suv resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash va hosildorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda mazkur kompaniya bilan hamkorlikda Buxoro viloyatida yirik investitsion loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihaning dastlabki bosqichida Peshku, G‘ijduvon va Qorovulbozor tumanlarida 10 ming gektar yer maydonini qamrab olish rejalashtirilgan. Keyinchalik ushbu ko‘rsatkichni 100 ming gektargacha kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuvda ayni loyihani moliyalashtirishda "US EXIM Bank" bilan hamkorlik qilish, innovatsion sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish va agrar infratuzilmani rivojlantirish istiqbollari alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Muloqot yakunida tomonlar ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, investitsion loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish to‘g‘risida kelishib oldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri