Buxoroda zamonaviy kinoteatrlar koʻpaymoqda
Buxoro shahrida har biri 75 oʻrinli, 2 ta zaldan iborat zamonaviy kinoteatr faoliyat boshlaydi.
Buxoro shahrida har biri 75 oʻrinli, 2 ta zaldan iborat zamonaviy kinoteatr faoliyat boshlaydi.
Hozirgi kungacha koʻhna Buxoro shahrida 5 ta zaldan iborat yagona, xususiy “Buxoro” kinoteatri mavjud edi. Endilikda buxorolik yurtdoshlarimiz uchun navbatdagi kinoteatrlar foydalanishga topshirilish arafasida. Sentyabr oyida shaharning 6-mavzesida barpo etilayotgan savdo markazida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan kinoteatrdan tashqari, shaharning sobiq yopiq bozori oʻrnida bunyod etilayotgan “Mega Buxoro” savdo markazida ham yana bir zamonaviy kinoteatr qurilmoqda. Mazkur kinoteatr 3 ta zaldan iborat boʻlib, joriy yilning dekabr oyida kino ixlosmandlari ixtiyoriga topshirilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, viloyat markazida bolalar uchun maxsus kinoteatr qurish ham rejalashtirilgan. 2 ta zaldan iborat ushbu yangi bino 2021-yilda, aniqrogʻi Navroʻz bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Kinoteatrlar xalqaro standartlarga xos moddiy-texnik baza bilan jihozlanmoqda. Shuningdek, “Respublika kinoprokat markazi” DUK Buxoro filiali direktori Ali Choriyevning maʼlumotlariga koʻra, viloyatning Buxoro tumani Galaosiyo shaharchasida qurib bitkazilgan yangi kinoteatr foydalanishga tayyor.