Buxoroda talabalarning maqom ansambli tashkil etildi
Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san’ati o‘zining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin tutadi.
Asrlar davomida ulug‘ shoir va olimlar, mohir bastakorlar, hofiz va sozandalarning mashaqqatli mehnati va fidoiyligi, ijodiy tafakkuri bilan sayqal topib kelayotgan ushbu noyob san’at nafaqat yurtimiz va sharq mamlakatlarida, balki dunyo miqyosida katta shuhrat va e’tibor qozongan. Maqom san’atining gultoji bo‘lgan «Shashmaqom» YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e’tirof etilgani hamda uning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Buxoro davlat universitetida "Buxoro gavhari" maqom festivali tashkil qilindi. Unda maqomchilar jamoalari tomonidan “Nasri segoh”, “Qashg‘archai Mo‘g‘ulchai fig‘on”, “Buzruk” maqomidan “Talqini Karimqulbegi”, “Dugoh” maqomidan “Dugoh suvoriysi” hamda “Dugoh uforiysi” musiqiy asarlarining ijrosi muxlisu mutaxassislar olqishiga sabab bo‘ldi.
— Davlat rahbarining Yoshlar forumida ta’kidlaganidek, 2022 yilda Buxoroda yoshlar o‘rtasida maqom ko‘rik-tanlovini o‘tkazish to‘g‘risidagi fikrlariga tayangan holda maqom jamoasini tashkil qildik, – deydi Buxoro davlat universiteti San’atshunoslik fakulteti dekani B. Madrimov. — Viloyat hokimligi madaniyat boshqarmasi bilan yaqin hamkorlikda o‘z repertuarimiz ustida ishlashni boshladik. Bundan maqsad esa Buxoro shashmaqomini xalqaro miqyosida dunyoga tarannum etishga o‘z hissamizni qo‘shish. Millatimizning boy madaniy va nomoddiy merosini kelgusi avlodga bus-butun yetkazish, uning xalqaro toifadagi mavqeini yanada oshirish, ayniqsa, yosh avlod ko‘nglida milliy musiqa madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishdan iborat.
Zarif Komilov,
O‘zA