Buxoroda Qirg‘iziston madaniyati kunlari
Ko‘hna va boqiy Buxoroda “Qirg‘iziston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tdi. Unda qirg‘izistonlik bir guruh madaniyat va san’at sohasi vakillari qatnashdi.
Tadbirda O‘zbekiston – Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Jumladan, o‘zaro savdo hajmi oshmoqda. Faol hududlararo almashinuvlar davom etmoqda, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, transport aloqalari kengaymoqda. Muhim madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilmoqda.

-Ayni paytda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlarining siyosiy irodasi tufayli, tomonlar ko‘plab dolzarb masalalarni bartaraf etish va o‘zaro hamkorlik aloqalarining ijobiy o‘sish sur’atiga erishdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Abira Huseynova. – Zamonaviy o‘zbek-qirg‘iz munosabatlari hamkorlikning barcha sohalariga tegishli ko‘tarilishni boshidan kechirmoqda. Eng muhimi – yaxshi qo‘shnichilik ruhi qaror topgan. O‘zbekiston va Qirg‘izistonning madaniy va gumanitar sohadagi hamkorligi jadal sur’atlar bilan kengayib bormoqda. So‘nggi yarim yilda ikkala davlatning tuman va viloyat rahbarlari, artistlar va madaniyat arboblari darajasida bir-birinikiga o‘nlab safarlar uyushtirildi. Ta’lim sohasida ham jiddiy siljishlar kuzatilmoqda. O‘zbek-qirg‘iz munosabatlaridagi ijobiy o‘zgarishlar madaniy va gumanitar sohadagi hamkorlikka ham ta’sir ko‘rsatdi. Shu o‘rinda, 2018 yil yurtimizda buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yillik yubileyi keng miqyosda nishonlandi.

Buxoro yoshlar markazida “Qirg‘iziston madaniyati kunlari” doirasida T.Satilganov nomidagi Milliy filarmoniya qoshidagi “Qambarkan” folklor-etnografik ansambli ijodiy guruhining konsert dasturi namoyish etildi. Konsert chuqur tarixiy ildizlar bilan bog‘langan, dini bir, qadriyat va an’analari mushtarak o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining ko‘p asrlik do‘stligi ifodasi bo‘ldi.

Buxoroda o‘tkazilgan “Qirg‘iziston madaniyati kunlari” doirasidagi konsert dasturi tomoshabinlar qalbida chuqur iz qoldirdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.