Buxoroda meteorologik radiolokator o‘rnatildi
Buxoro viloyati Kogon tumanida meteorologik radiolokator (MRL) uskunasini o‘rnatish ishlari nihoyasiga yetdi. Shu bois, O‘zgidromet rahbariyati, prognozchi mutaxassislar va OAV vakillari axborot texnologiyalari hamda meteorologik radiolokatorlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha meteolokatorlardan ma’lumot qabul qilish, unga ishlov berish va ma’lumotlardan foydalanish masalalarini muhokama etish uchun Buxoro shahriga tashrif buyurdi.
Bilamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 noyabrdagi PQ–4896-son qarori bilan tasdiqlangan dasturlarga muvofiq 2021-2023 yillar davomida O‘zgidrometga respublikada atmosferani masofadan va radiolokatsion zondlashning zamonaviy vositalarini joriy qilgan holda Buxoro viloyati hududiga meteorologik lokatorlar o‘rnatish orqali iqtisodiyotning ob-havoga bog‘liq tarmoqlari faoliyati va aholi xavfsizligini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Mazkur qaror yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini taminlash maqsadida Finlandiyaning “VAISALA OyJ” kompaniyasi bilan meteorologik radiolokator uskunasini yetkazib berish, o‘rnatish va ishga tushirish bo‘yicha kelishuv rasmiylashtirildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, Buxoro viloyati hududiga meteorologik radiolokator uskunasini 15 metr balandlikdagi metall-konstruksiya ustunga o‘rnatish bo‘yicha “VAISALA OyJ” kompaniyasi mutaxassisi 2022 yil 16 fevralda O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi.
Hozirda kompaniya mutaxassisi va O‘zgidromet vakillari bilan hamkorlikda ushbu uskunani metall-konstruksiya ustunga o‘rnatish va ishga tushirish ishlari yakunlandi.
– Finlandiyaning “VAISALA OyJ” kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘rnatilgan meteorologik lokator 200 km radiusda mavjud va kutilayotgan ob-havo hodisalari to‘g‘risida, jumladan, bulutlar oqimi va turi, shamol tezligi va yo‘nalishi, yog‘inlar miqdori momaqaldiroq sodir bo‘lgan hududlarni vizualizatsiya qilish orqali meteorologik kartalarga tushiradi, – dedi Gidrometeorologiya xizmati markazi axborot xizmati rahbari Munisa Asqarova. – Ma’lumotlar har 10 daqiqada yangilanadi va muntazam ravishda markazimizning meteorologik lokatorlar geografik axborot-tahliliy geoportaliga uzatib boriladi.
Yana bir ma’lumot: Toshkent, Samarqand va Nukus shaharlari aeroportlarida o‘rnatilgan AQSHning “Baron Servicye Inc.” va Germaniyaning “Seleks” kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan “S” doplerli meteorologik radiolokator tizimlari O‘zbekiston hududida shamolning yo‘nalishi, gorizontal tezligi, radiolokator radiusidagi yog‘inlar miqdori va jadalligi kabi meteorologik hodisalar, bulutlar harakatini kuzatish, do‘l va momaqaldiroq jarayonlari rivojlanishini prognozlash imkonini beradi.
– Toshkent, Samarqand, Nukus va Buxoro shaharlarida o‘rnatilgan to‘rtta doplerli meteorologik lokatorlar xizmat ko‘rsatishni takomillashtirishda qo‘yilgan yana bir qadam bo‘ldi, – deya fikr bildirdi Munisa Asqarova. – Bu lokatorlar aviatsiya uchun tayyorlanadigan ob-havo prognozlari ishonchliligini yanada oshishiga, kuchli yomg‘ir, do‘l, qor kabi hodisalarga olib keluvchi kuchli bulutlilikni aniqlash va uni prognozlashga xizmat qilmoqda.
Kelajakda shu kabi meteolokatorlarni yagona platformaga birlashtirish natijasida respublika hududini to‘liq qamrab oluvchi yer usti meteorologik radiolokatorlar yagona tarmog‘i tashkil etilib, iqtisodiyotning ob-havoga bog‘liq tarmoqlari faoliyati barqarorligi va aholi xavfsizligini ta’minlashga erishiladi.
O‘zA