Buxoroda ilmiy-amaliy anjuman (+video)
Mamlakatimiz taraqqiyotini belgilab beruvchi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoroda “Xotin-qizlar ekologik faollik sari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida Buxoro tumanidagi “Varnet” ekobog‘ida tashkil qilingan tadbirda jamoatchilik hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi “Ayol ma’rifati” jamoatchilik kengashi hamda “Oqila ayollar” harakati a’zolari, respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tizimi mas’ul xodimlari, viloyatdagi shahar va tumanlar hokimlarining o‘rinbosarlari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari, faol yoshlar hozir bo‘ldi.
“Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasida tashkillashtirilgan mazkur tadbirning asosiy qismida Prezidentimizning “Har bir xonadon, har bir oila, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qo‘shishi kerak!” degan da’vatiga monand muhim mavzular muhokama qilindi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Artikova olib borgan ilmiy-amaliy anjumanda viloyat hokimi Botir Zaripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekiston Respublikasidagi vakili Sherzod Umarov, Respublika Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov so‘zga chiqdi.
Anjumanda soha mas’ullari, nazariyotchi va amaliyotchi olimlar, ilmiy tadqiqotchilar ishtirokida aholining kundalik hayotiga ekologik tamoyillarni singdirish, yashil hududlar barpo etish, suvni tejash, atrof-muhitni ozoda saqlash, tabiiy borliqni asrashga onalik hissi bilan qarash, “Oila bog‘lari”ni barpo etishga daxldor tashabbuslar muhokama qilingani holda “Taraqqiyot strategiyasi”da respublikada yashillik darajasini 30 foizga yetkazishga hissa qo‘shish, targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga da’vat etildi.
Bu borada ekofaollar fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzi, xususan, sog‘lom ovqatlanishni keng targ‘ib qilish, oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish, maishiy turmushda tabiiy resurslar sifatida suv, gaz va elektr energiyasidan oqilona foydalanishga doir profilaktik-tushuntirish ishlarini jonlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Mahalla va qishloqlarda oila daromadlarini oshirish, bunda ilg‘or innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish, peshqadam xo‘jaliklar sohiblarini rag‘batlantirish, aholi tomorqa yerlarida mirishkor oilalarni sifatli urug‘ va ko‘chatlar bilan ta’minlash hamda ularga zarur tavsiflarni bergan holda tomorqa xo‘jaligida agroxizmatlar ko‘rsatishni izchil yo‘lga qo‘yish kabi jihatlarga e’tibor qaratildi.
[gallery-22502]
Muhim tavsiyalardan biri – respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan 25 martdan 25 aprelga qadar oilalar va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash maqsadida “Yaqin qo‘shnimga, yaqin o‘rtog‘imga 5 tup ko‘chat, 5 tup gul va kitoblar sovg‘a qilaman!” degan dolzarb bir oylik loyihasi o‘zaro hamkorlikda tashkil qilinadigan bo‘ldi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Yw22F2zvlxM" title="Buxoroda ilmiy-amaliy anjuman" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shu kuni ilmiy-amaliy anjuman doirasida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan daraxt ekish va uning qoidalari, ekilgan daraxtlarning atrof-muhitga ijobiy ta’siri, tomorqadan, issiqxonalardan samarali foydalanish tartiblariga doir “mahorat darslari”, olima va ixtirochi xotin-qizlarning ilmiy ishlanmalari, tomorqadan daromad topayotgan ayollarning mahsulotlari ko‘rgazmasi, gulchilik, ko‘chat ko‘paytirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilinayotgani ham maqsadga muvofiq, albatta.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat, video), O‘zA muxbiri.