Buxoroda Fransiya madaniyati kunlari o‘tkaziladi
Buxoro — Sharq va G‘arb sivilizatsiyalarini bir-biriga bog‘lab turgan, asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va ma’rifat muloqotiga xizmat qilgan noyob shahar. Bugun bu qadimiy zaminda dunyoning turli mamlakatlari bilan yangi hamkorlik ko‘priklari barpo etilmoqda. Endi Buxoro ko‘chalarida fransuz madaniyatining nafasi, san’ati va musiqasi yangrashi, ikki xalq ijodkorlari va ziyolilarining bir maydonda muloqot qilishi kutilmoqda.
Shu maqsadda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Fuk Ualid bilan uchrashib, ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Muloqotda Buxoro viloyati va Fransiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, madaniyat, san’at, ta’lim, turizm va boshqa sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va muloqotni kengaytirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Uchrashuvda joriy yil oktabr oyida Buxoroda Fransiya madaniyati kunlarini o‘tkazish tashabbusi alohida muhokama qilindi. Bu oddiy madaniy tadbir emas, balki ikki xalqni san’at, tarix, adabiyot, ilm-fan va ijod orqali yanada yaqinlashtiradigan katta madaniy muloqot maydoni bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Tadbir doirasida fransuz xalqining boy madaniy merosi, tasviriy va amaliy san’ati, musiqasi, kinematografiyasi, adabiyoti, ilmiy yutuqlari hamda zamonaviy ijod namunalarini Buxoro aholisi, yoshlar, ziyolilar va shaharga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlarga namoyish etish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, madaniyat kunlari doirasida ilmiy konferensiyalar, konsert dasturlari, ko‘rgazmalar, kino namoyishlari, ijodiy uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va madaniyat hamda san’at vakillari ishtirokida turli madaniy loyihalarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Eng muhimi, bu tadbirlarni Buxoroning betakror tarixiy muhiti bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, asrlar qa’ridan so‘zlab turgan qadimiy shahar muhitida Fransiya madaniyatining namunalarini namoyish etish ikki buyuk madaniyatning o‘ziga xos uyg‘unligini namoyon etadi.
Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda madaniy-gumanitar hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Buxoroning esa bu jarayondagi imkoniyatlari nihoyatda keng.
Muzokaralarda ikki xalqning madaniy o‘xshashliklari, tarixiy merosi, san’atga munosabati va dunyoqarashini aks ettiruvchi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar orqali nafaqat fransuz san’ati va madaniyati Buxoro ahliga yaqinlashadi, balki Buxoroning o‘zi ham Fransiya jamoatchiligi uchun yanada kengroq tanilishiga imkoniyat yaratiladi.
Ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi muloqotga alohida ahamiyat berildi. Ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish, fransuz tilini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, talabalar, yosh ijodkorlar va madaniyat sohasi vakillari o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikrlar bildirildi.
Zero, bugun dunyoda xalqlarni bir-biriga eng tez yaqinlashtiradigan kuchlardan biri — yoshlar muloqoti, ilm-fan va madaniyatdir.

Muzokaralarda madaniy hamkorlikni turizm sohasi bilan uyg‘unlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Buxoroning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, ilm-fan va madaniy aloqalar markazlaridan biri bo‘lib kelgani uni xalqaro turizm uchun o‘ziga xos jozibador maskanga aylantirmoqda.
YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy obidalar, Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon majmuasi, Labi Hovuz singari betakror maskanlar, qadimiy me’morlik an’analari va boy madaniy meros fransuz sayyohlarida katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Shu bois Buxoroning sayyohlik salohiyatini Fransiyada keng targ‘ib qilish, fransuz sayyohlarini viloyatga jalb etish, madaniy marshrutlar va yangi turistik dasturlarni ishlab chiqish borasida hamkorlikni kuchaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu esa Fransiya madaniyati kunlarini faqat bir necha kunlik tadbir emas, balki kelgusida turizm, ta’lim, investitsiya va madaniy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladigan uzoq muddatli hamkorlik platformasiga aylantirish imkonini beradi.
Uchrashuv davomida Fransiya elchisi Buxoro shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdi.

Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan ma’muriy markaz qiyofasini zamonaviy talablar asosida yangilash, viloyat hokimligi binosida amalga oshirilgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari mehmon e’tiboriga havola etildi. Shuningdek, viloyatda aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va ishsizlikni bartaraf etish borasida yo‘lga qo‘yilgan tizimli ishlar, jumladan, raqamli shtab faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Bu jarayonlar Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini — inson qadrini yuksaltirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, hududlarni kompleks rivojlantirish va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish kabi ustuvor vazifalarni o‘zida mujassam etmoqda.
Buxoroda bugun bunyodkorlik bilan bir qatorda ijtimoiy sohada ham yangicha yondashuvlar qaror topmoqda. Bu esa viloyatning xorijiy hamkorlar uchun nafaqat tarixiy meros, balki zamonaviy taraqqiyot va investitsiya imkoniyatlariga ega hudud sifatidagi nufuzini ham oshirmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri