Buxoroda 18 ta maydon hamda bog‘larda archalar bezatilmoqda
Yangi yil arafasida Buxoro viloyatining shahar va tumanlaridagi maydon hamda bog‘larda archalar bezatilmoqda. Bu yerda bolalar va kattalar uchun ko‘ngilochar tadbirlar, aholi va mehmonlar uchun bayram sayillari tashkil etish uchun qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Yangi yil munosabati bilan Buxoro shahrining 6 ta hududida archa bezatildi. Mazkur hududlarda 2022 yil 21 dekabridan — 2023 yil 4 yanvariga qadar ko‘ngilochar tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, Kogon shahar va viloyatning tumanlaridagi maydon hamda bog‘larda archalar o‘rnatilgan bo‘lib, mazkur hududlarda bayram tadbirlari 2022 yil 21 dekabridan — 2023 yil 5 yanvariga qadar o‘tkaziladi. An’anaviy bayram manzillarida yangi yil archalari o‘rnatilib, ular atrofidagi maydonlar bezatilmoqda. Bayram tadbirlariga juda puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan mehmonlar va sayyohlar kayfiyatini ko‘tarish uchun har xil ko‘ngilochar dasturlar, savdo yarmarkalari tashkil etiladi. El ardog‘idagi san’atkor va estrada xonandalarining konsert dasturlari namoyish etiladi.
[gallery-10024]
Viloyatda “Prezident archasi” tadbiri ham yuqori saviyada nishonlanadi. “Mehribonlik uylari”, maxsus maktab-internatlarida tarbiyalanayotgan hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar, Vatan sarhadlarini himoya qilib, yurtimiz tinchligi va barqarorligi yo‘lida qurbon bo‘lgan huquq-tartibot organlari xodimlarining farzandlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi. Nogironligi bo‘lgan va yakka tartibda uy sharoitida o‘qitiladigan o‘quvchi yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oila farzandlari holidan xabar olinadi. Ularga bayram sovg‘alari ulashiladi va xonadonlarida bayram dasturxonlari tuzaladi.
Viloyatning tuman-shahar markazlarida, yirik savdo majmualari, bozor hududlarida arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA