Buxoro: xalq ta’limi tizimida yangi tashabbus
Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan maktab direktorlari uchun harakatdagi o‘quv-seminari yo‘lga qo‘yildi.
–Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – ta’lim-tarbiya jarayonida innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanib, samarali natijalarga erishayotgan pedagogik jamoalarning ish tajribalarini ommalashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat, – deydi Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva. – Shuningdek, namunali ta’lim muassasalari safini kengaytirish, rahbarlarning o‘zaro tajriba almashishini yo‘lga qo‘yish orqali ta’lim sifati va samaradorligini oshirishdir.

“Direktorlar o‘quvi” endilikda har oyning so‘nggi haftasida xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari rahbarligida tegishli tuman va shahar hududidagi namunali ta’lim muassasalarida sayyor tarzda tashkil etiladi.
Dastlab har oyning birinchi haftasida xalq ta’limi bo‘limlarining takliflari asosida o‘quv seminarlari o‘tkaziladigan ta’lim muassasalari, vaqti, mavzulari va trenerlar ro‘yxati tayyorlanadi. Boshqarmaning tegishli bo‘limlari va mas’ullari bilan hamkorlikda o‘quv seminar mavzulari yuzasidan taqdimot materiallari hamda tavsiyalar ishlab chiqib, joylarga yetkaziladi.
Joriy yilning 30 oktyabr kuni viloyatning barcha shahar va tumanlarida dastlabki direktorlar o‘quv-seminarlari bo‘lib o‘tdi.
O‘quv-seminarlari viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan berilgan tavsiyalarga ko‘ra, trener-o‘qituvchilar tomonidan zamonaviy texnika vositalaridan foydalangan holda interfaol metodlar asosida o‘tkazildi.

Taqdimot, savol-javob, ochiq muloqot va bahs-munozara tarzida o‘tgan seminarlarda ishtirokchilar berilgan dolzarb mavzular doirasida ko‘plab ma’lumotlar, ko‘nikma va tavsiyalarga ega bo‘ldi.
Endilikda mazkur o‘quv-seminarini o‘tkazish tartibi yanada takomillashtirilib, 2022 yilning 1-choragidan sariq va qizil maktablarda tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA