Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro davlat pedagogika institutida shaffoflikni ta’minlash, halollik muhitini kuchaytirish va korrupsiya holatlariga qarshi samarali kurashish maqsadida barcha fakultetlarda “MINBAR” tashkil etildi.
Ushbu tashabbus institut rahbariyati tomonidan yoshlarga adolat va halollik tamoyillarini singdirish, shuningdek, korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

– Endilikda har bir fakultetda o‘rnatilgan maxsus minbar orqali talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar duch kelgan korrupsion vaziyatlar, suiiste’mol holatlari yoki shubhali jarayonlar haqida bevosita va ishonchli tarzda axborot qoldirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
“MINBAR” tizimi ochiqlik va shaffoflik siyosatini mustahkamlash bilan birga, institutda halollik muhitini targ‘ib qilish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda talabalar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Institut rahbariyati barchani faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib, korrupsiyaga qarshi kurashda befarq bo‘lmaslikka chaqiradi, – deydi instituti rektori Bahodir Ma’murov.
* * *
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Jovgari” mahalla fuqarolar yig‘ini zamonaviy andozadagi yangi binosi foydalanishga topshirildi. Tadbirda tuman hamda mahalla mas’ullari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Jovgari mahallasida 1010 ta xonadonda 6 mingdan ortiq aholi vakillari istiqomat qiladi. Mahalla markazi “Islom taraqqiyoti banki” mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 4 milliard 700 million so‘m qiymatidagi loyihaga asoslanib barpo etildi. Qurilish ishlarini mahalliy pudratchi sub’ekt “G‘ijduvon standart qurilish servis” MCHJ binokorlari amalga oshirdi.

Uch qavatdan iborat yangi bino 21 ta xonadan iborat bo‘lib, unda mahalla shtabi, kutubxona, ayollar va erkaklar saloni, savdo do‘koni, xorijiy til kursi, sport xonasi, tikuvchilik markazi, yoshlar va nuroniylar uchun alohida xonalar tashkil etildi.
* * *
Buxoro viloyati Olot tumani Ekologiya bo‘limi inspektorlari hamda tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan “Kirtay” mahalla fuqarolar yig‘ini cho‘l hududida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi.

Unda Olot tumanida yashovchi fuqaro I.M. cho‘l hududidan tabiiy holatda o‘sgan saksovul o‘simliklarini o‘ziga tegishli bo‘lgan UAZ yuk avtomashinasi orqali noqonuniy tarzda olib ketayotganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-modda 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 10 300 000 so‘m jarima, hamda tabiatga yetkazilgan zarar 20 188 000 so‘m qo‘llanildi.
* * *
Shuningdek, viloyat Ekologiya boshqarmasi Shofirkon tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi nazorat-reyd davomida tumanning cho‘l hududidan saksovul o‘simligini noqonuniy ravishda kesib, olib ketayotgan “Ford” rusumli avtomashina to‘xtatildi.
Tekshiruv natijasida avtomashina ichida bo‘lgan 3 nafar fuqaro saksovul o‘simligini noqonuniy tashib ketish holati aniqlangan. Tuman Ekologiya bo‘limi xodimlari avtomashinani belgilangan tartibda jarima maydonchasiga olib borish bo‘yicha qonuniy talab qo‘ygan bo‘lsa-da, inspektorlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan, voqea joyidan qochishga uringan hamda faol qarshilik ko‘rsatgan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan Shofirkon tumani IIBga qonuniy chora ko‘rish uchun rasmiy bildirish xati yuborildi.

Natijada ushbu huquqbuzarlik holati bo‘yicha Shofirkon tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sud raisi tomonidan ko‘rib chiqildi. Fuqaro A.Soliyevga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi. Shuningdek, qolgan 2 nafar fuqaroning har biriga 10 million 300 ming so‘mdan jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar 10 million 766 ming so‘mdan hisoblandi.
Zarif Komilov, O‘zA