Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputatligiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasidan saylangan Ra’no Ismatova Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazining viloyat teri tanosil kasalliklari dispanseri Buxoro filialida keyingi paytda olib borilgan ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Shifoxonadagi ta’mirlash ishlari o‘tgan 2024 yildagi “Ochiq byudjet” davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib asosiy buyurtmachi Buxoro viloyati injiniring kompaniyasi DUK, pudratchi esa “Kapital sifat qurilish fayz” MCHJ hisoblanadi. Loyiha qiymati 1 milliard 360 million so‘mni tashkil etadi.


Deputat R.Ismatova o‘rganishlar yakuni bo‘yicha rahbarlar bilan o‘tkazilgan muloqotda bemorlar uchun barcha sharoitlar yaratilganligini alohida e’tirof etdi.
***
“O‘zenergoinspeksiya” Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan navbatdagi nazorat tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda Kogon tumanida joylashgan, ulgurji neft mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi “I.-S.” MCHJda 59,8 tonna Ai-80 markali avtobenzin davlat standart talablariga javob bermasligi aniqlandi.

Natijada, qoidabuzarlik uchun korxonaga 288,9 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Shuningdek, mazkur MCHJga qoldiq holda saqlanayotgan sifatsiz neft mahsulotlarini sotuvga chiqarmaslik va ularning sifatini qayta tiklash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
***
Yurtimizda faoliyat yurituvchi MCHJlardan biri tomonidan xorijdan import tariqasida olib kelingan, hujjatlarda “oq sement ishlab chiqarish uchun gilina xomashyosi” sifatida ko‘rsatilgan tovarni “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun bojxona organlari deklaratsiya taqdim etildi.

“Xavfni boshqarish” AAT mazkur tovarni dastlab “sariq yo‘lak”ka yo‘naltirgan bo‘lsa-da, bojxona xodimlari gumonlarga oydinlik kiritish maqsadida ushbu yuklarni “qizil yo‘lak”ka yo‘naltirdi va xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Tovarlarni klassifikatsiyalash bo‘yicha xodimlarining o‘rganishlarida mazkur mahsulot “oq sement ishlab chiqarish uchun gilina xomashyosi” emas, balki “sement klinkeri” ekani tasdiqlandi.
Natijada, 105 million so‘mga teng bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashga qaratilgan urinishning oldi olindi.
Zarif Komilov, O‘zA