Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Buxoro tumanida istiqomat qiluvchi, 1985 yili tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni hamda unga aloqador bo‘lgan avtotransport vositasi ko‘zdan kechirildi.Natijada, “Imudon”, “Serebrolizin”, “Dofamin”, “Maaloks” kabi jami 78 nomdagi 978 qutida sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan dori vositalari borligi aniqlandi.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida, Buxoro shahrida yashovchi, 1962 yili tug‘ilgan shaxs uning jinoiy sherigi ekanligi aniqlandi.
Holat yuzasidan mazkur fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
***
Yurtimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jumladan, kam ta’minlangan xonadonlar, ishsiz va daromadsiz qolgan, madadga muhtojlar har jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Joylarda insonparvarlik, mehr-oqibat, xayr-saxovat tadbirlari izchil davom etayotganini Buxoro tumani Qo‘shxodim mahallasi misolida ham ko‘rish mumkin.

Tuman hokimligi tashabbusi bilan mahalladagi fermerlar homiyligida “Yagona ijtimoiy reyestr”da ro‘yxatda turgan 20 nafar fuqaroga 100 kilogrammdan bug‘doy ajratib berildi. Shuningdek, g‘alladan bo‘shagan yerlarni takroriy ekinlarga ajratish bo‘yicha mahalladagi fermer xo‘jaligi dalalaridan ehtiyojmand oilalarga 15-20 sotixdan yer ham ajratib berildi.

Ushbu xayrli ishlarda “Samad Charosxon”, “Do‘stmurod Davron”, “Adizobod Erkin Mahmud”, “Bahrom Ixtiyor” kabi fermer xo‘jaliklari jonbozlik ko‘rsatdi.
***
Mamlakatimizda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan ko‘hna va boqiy Buxoroga sayohat uyushtirildi.

Sayohatchilar Poyi-Kalon majmuasi, Mir Arab madrasasi, Ark qal’asi, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chor Minor, Labi-Hovuz ansambli kabi Buxoroning ming yillik tarixiga guvohlik beruvchi obidalarni ziyorat qildi. Ayniqsa, Ismoil Somoniy maqbarasidagi orom va sokinlik, Poyi-Kalon minorasining osmon bilan suhbati, Chor Minorning nafisligi va Ark qal’asining salobati xodimlarda chuqur taassurot qoldirdi.

Ekskursiya davomida milliy hunarmandchilik mahsulotlari bilan to‘la bozorlar, hovuzlar atrofidagi sokin maskanlar, tarixiy madrasa va masjidlarda o‘qilgan hikoyatlar ularda vatanga muhabbat va faxr tuyg‘usini yanada mustahkamladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.