Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Vobkent tumanida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida velomarafon tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ommaviy sport tadbirida yoshlar vakillari, sportda muayyan yutuqlarga erishgan yigit-qizlar hamda sport murabbiylari va ko‘ngillilar ishtirok etdi.
Tadbir tuman hokimligi va tuman IIB bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar “Anjir Fag‘naviy” ziyoratgohi yo‘li bo‘ylab uch kilometr masofani bosib o‘tdi.

– Yoshlar o‘rtasida sportning futbol, mini-futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka, yengil atletika turlari bo‘yicha musobaqalar doimiy ravishda o‘tkazilib kelinmoqda. Ayniqsa bu kabi tadbirlardan so‘ng ishtirokchilar o‘zlari yashayotgan mahallalarda tengdoshlarini sportga jalb etish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga o‘z hissasini qo‘shishga harakat qiladi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi rahbari Xushnudbek Rajabov.

* * *
Og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan, halol mehnat bilan ro‘zg‘or tebratayotgan, farzandlariga tarbiya berayotgan oilalar uchun davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘mak hayotga yangicha nigoh bilan qarashga zamin yaratadi.
Buxoro viloyati Vobkent tumanida yashovchi Sitora G‘aybullayeva ikki farzandi va turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda novvoychilik bilan shug‘ullanadi. Hayotda duch kelgan turli sinovlarga qaramay ro‘zg‘or yumushlari, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanib kelmoqda.

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining ijtimoiy xodimi tomonidan oila o‘rganildi va natijada u “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritildi. Bu orqali farzandlari uchun bola nafaqasi tayinlandi. Farzandlari maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirilib, ularning tarbiyasi va ta’limi yo‘lga qo‘yildi.
Oila hokim yordamchisi ko‘magida imtiyozli kreditga ega bo‘ldi va hozirda novvoychilik uchun yangi asbob-uskunalar va mototsikl xarid qilindi. Bugunda Sitora opa 12 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, novvoylik faoliyatini yanada kengaytirishni reja qilgan.

* * *
Buxoroda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan “Oilalar mustahkamligini ta’minlashda “Oqila ayollar” harakatining o‘rni” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.
Unda oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, oilaviy muhitda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Buxoro davlat texnika universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan ixtirolar, ilmiy va innovatsion ishlanmalar hamda amaliy loyihalar taqdimoti bilan yaqindan tanishdi.
Forumda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova hamda viloyat hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Artikova ishtirok etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.