Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida tug‘ma bosh miya qon tomir patologiyasi mavjud bo‘lgan bemorda mahalliy mutaxassislar tomonida yuqori texnologik operatsiya o‘tkazildi.
Bemor ko‘p yillardan beri bosh miya arterio venoz malfomatsiyadan aziyat chekib, uch marta bosh miyaga qon quyilishini boshidan kechirgan. Natijada shifokorlar tomonidan endovaskulyar usulda davolandi. Aytish joizki bunday amaliyotni amalga oshirilishi viloyat tarixida ilk marotaba bo‘lib, mahalliy shifokorlar tomonidan rivojlangan chet el klinikalarida malaka oshirish va bir nechta mahorat darslarini tashkil etish talab qildi.

– Mahalliy shifokorlarning bunday yutuqlari bemorlarning davolanish xarajatlarini kamayishiga, yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni viloyat sharoitida amalga oshishiga va eng muhimi aholining tibbiy xizmat va tibbiyot xodimlaridan rozi bo‘lishiga xizmat qiladi, – deydi markaz rahbari M.Rajabov. – Hozirda bemor amaliyotdan keyin intensiv muolajalarni qoniqarli holatda qabul qilmoqda va o‘z navbatida kasallik ijobiy tomonga o‘zgarmoqda.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 avgustdagi “Buxoro viloyatida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, xizmat ko‘rsatish va turizmni rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq viloyatning shahar va tumanlarida qator istiqbolli loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Romitan tumanidagi 5 ta mahalla fuqarolar yig‘inida mahalliy tadbirkorlar, aholi hamda keladigan mehmonlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan ko‘chalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan hudud master-rejalari asosida hudud qiyofasini yaxshilash, tijorat, savdo va maishiy servis xizmatlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, ko‘chalarda tunu kun faoliyat yuritish mo‘ljallangan.

Endilikda tayyorlangan loyihalarga binoan tumanning “Alisher Navoiy” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Do‘stlik ko‘chasida 650 metr, “Afrosiyob” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Shifokorlar ko‘chasida 800 metr, “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Buxoro ko‘chasida 320 metr, “Bobur” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Nurafshon ko‘chasida 750 metr, “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Bahoriston ko‘chasida 540 metr masofada savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish, shuningdek, ko‘ngilochar va sport-sog‘lomlashtirish shoxobchalari barpo qilinib, foydalanishga topshiriladi.
* * *
Xalq bilan muloqot aholi muammolarini aniqlash va hal etishning samarali yo‘li hisoblanadi. Buxoro viloyatida ham sektorlar, davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari tomonidan tizimli ravishda joylarga borgan holda sayyor qabullar orqali aholi bilan muloqot qilish yo‘lga qo‘yilgan.
Tasdiqlangan rejaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Shofirkon tumanidagi Xalq qabulxonasida Buxoro viloyati Xalq qabulxonasi bosh mutaxassisi Ma’mur Rahmonqulov va Davlat kadastrlar palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Elbek Zayniddinov hamda tegishli mas’ullar ishtirokida aholining kadastr sohasidagi muammolarini aniqlash maqsadida sayyor qabul tashkil etildi.

– Fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan muammolarni bayon qilish bilan bir qatorda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlari va ularda qurilgan uy-joy, bino inshootlarga egalik huquqi berish bo‘yicha qonun qabul qilinganligini yuksak baholab, davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorliklarini bildirib o‘tdi. Qabulda aksariyat murojaatlar joyida hal etildi va muddat talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha esa fuqarolarga huquqiy tushuntirish berildi, – deydi Ma’mur Rahmonqulov.

* * *
Ulg‘ayib kelayotgan barkamol o‘g‘il-qizni jismonan va ruhan chiniqtirish, sportga bo‘lgan qiziqishni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni har jihatdan sog‘lom, ma’naviy barkamol etib tarbiyalash maqsadida Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “Mash’al” MTP binosi o‘rnida zamonaviy “Muhammadali” sport majmuasi barpo qilindi.
Loyihaga 400 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 3 ming kvadrat metr maydonni o‘z ichiga oladi. Sport majmuasi Sharq yakkakurashlaridan aynan dzyudo sport turi bilan shug‘ullanuvchi yosh sportchilar uchun mo‘ljallangan. Majmuada bir paytning o‘zida 40 nafar yosh kurash bilan shug‘ullanishi mumkin.

“Muhammadali” sport majmuasining foydalanishga topshirilgani sportchi yoshlar uchun munosib sovg‘a bo‘ldi. Ochilish marosimida tuman hokimligi mutasaddilari, faxriy sportchilar, mahalla faollari ishtirok etib, yosh sportchilarga muvaffaqiyatlar tiladi. Ramziy lenta qirqilgach, mehmonlar sport majmuasida yaratilgan sharoit bilan tanishdi.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri