Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
38 nafar fuqaro xorijga ishga yuborildi
“O‘zbekneftgaz” aksionerlik jamiyati va Rossiyaning “Gazprom neft” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan Memorandum doirasida Buxoro neft va gaz sanoati kolleji va “FrakDjet-Volga” MCHJ o‘rtasida ta’lim xizmatlari ko‘rsatishga oid shartnoma tuzilgan. Mazkur loyiha doirasida o‘tgan oylarda 40 nafar fuqaro uchun kollejda o‘qish tashkil etildi. Shundan 38 nafariga sertifikat topshirilgan. Mazkur ikki tomonlama tuzilgan teng manfaatli kelishuvga ko‘ra, o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan 38 nafar fuqaro Rossiyaning “FrakDjet-Volga” MCHJga ishga yuborilgan. Xorijdagi o‘qish, aviachipta va yashash xarajatlari Rossiya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Professional ta’lim sohasidagi bu kabi xalqaro loyihalar mamlakatimizda bandlikni ta’minlash, iqtisodiyotni rivojlantirish va yoshlarning professional malakasini oshirish uchun muhim ahamiyatga ega.


Xalqaro yo‘llar rekonstruksiya qilinmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 dekabrdagi “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “A-380” rusumli “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining Buxoro viloyati hududidan o‘tgan 150 – 228 kilometr oralig‘idagi 78 km qismini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Loyiha bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tender savdolarida qatnashgan Xitoy Xalq Respublikasining “CRBC va SSSS Third Highway Engineering Co. Ltd” qo‘shma korxonasi xalqaro ahamiyatdagi yo‘l inshootining sement-beton qoplamasini qurish ishlariga bosh pudratchi etib tayinlangan.
Bu loyihada qurilish ustidan texnik nazoratni olib borish uchun o‘tkazilgan tender natijalariga ko‘ra, AQSHning “SHELADIA Associates, Inc” injener-konsultant kompaniyasi bilan 2023 yil 20 yanvarda o‘zaro kelishuv shartnomasi imzolangan. Loyiha amaliyotini 2025 yil oxiriga qadar to‘liq yakuniga yetkazish ko‘zda tutilgan.



Noqonuniy saboq berib kelayotganligi fosh etildi
Mamlakatimizda din va e’tiqod erkinligi bosh qonunimiz bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Diniy ta’lim olishni xohlovchilar uchun ham barcha imkoniyatlar mavjud. Ammo, bu erkinlikni suiiste’mol qilayotganlar ham yo‘q.
Joriy yilning 6 oktyabr kuni huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan, Buxoro viloyati Romitan hududida o‘tkazilgan tadbirlar davomida, 1966 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, oliy ma’lumotli Romitan tumani “Afrosiyob” mahalla fuqarolar yig‘ini Shifokorlar ko‘chasida istiqomat qilib kelayotgan fuqaro Xomit Salimov o‘zining yashash xonadonida voyaga yetmaganlarga noqonuniy ravishda diniy ta’lim berib kelayotganligi fosh etildi.
Mazkur holat tegishli tartibda rasmiylashtirilib, Xomit Salimov jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 241-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Maqsad – yangi ish o‘rinlarini yaratish
Buxoro viloyati Kogon tumani “Zirabod” massivi hududidagi ming gektarda “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parki barpo qilinmoqda.
Mazkur ob’ektning tashkil etilishi natijasida Buxoro viloyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy sanoat quvvatlarini ishga tushirish, ichki va tashqi bozorlar uchun raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratilishiga erishiladi.
Birinchi bosqichda 300 million dollarlik loyiha amalga oshiriladi va bu viloyat iqtisodiyotiga yiliga 250 million dollar qo‘shilgan qiymat, 2 mingta ish o‘rni, 250 milliard so‘m soliq tushumi va 100 million dollar eksport beradi.
Loyiha bosh rejasi bo‘yicha hozirda “Buxoro – Qarshi” avtomagistraldan sanoat parki barpo etilayotgan hududga qadar uch kilometrdan ziyod masofada yo‘l qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.



Shuningdek, “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasining Buxoro tumanidagi “To‘dako‘l” massivida quvvati 2x25 mVt podstansiya va 110 kV kuchlanishli elektr tarmog‘i qurish belgilangan. Mazkur qurilish ishida “Sitan” MCHJ pudratchi tashkilot ishtirok etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri