Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoroda xalqaro va mamlakat olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning ustozlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda viloyat hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonovlar ishtirok etdi.
G‘oliblar va ularning ustozlariga alohida minnatdorlik bildirdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda bilimdon yoshlar jahon maydonlarida muvaffaqiyat qozonmoqda. Yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarib kelayotgan buxorolik o‘quvchilar safi ham kengayib bormoqda.

Birgina joriy yilning 25-30 mart kunlari Turkmaniston davlatida o‘tkazilgan xalqaro matematika musobaqasida ishtirok etgan 8 nafar buxorolik o‘quvchilarning 7 nafari (1 ta oltin, 2 ta kumush, 4 ta bronza) O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, 9-14 iyun kunlari ilk bor Buxoroda o‘tkazilgan buyuk olim, tibbiyot ilmining dahosi Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasida 18 ta davlatdan 30 ta jamoada 105 nafar o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi. Ushbu olimpiadada viloyatning 4 nafar o‘quvchilari alohida jamoa sifatida ishtirok etdi. 2 nafari oltin va 1 nafari bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Umumiy hisobda tugayotgan ushbu o‘quv yili davomida Respublika fan olimpiadalarida 7 ta sovrinli o‘rin (4 ta 1-o‘rin, 3 ta 3-o‘rin) qayd etilgan bo‘lsa, xalqaro fan olimpiadalarida 20 ta (3 ta oltin, 7 ta kumush, 10 ta bronza) medallar qo‘lga
kiritildi. Bu yutuqlarda albatta, yurtimizda ustoz-murabbiylarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z kasbiy salohiyatini oshirayotgan pedagoglarning xizmatlari beqiyos.
***
Buxoro viloyati Vobkent tumanining ikkinchi ma’muriy sektor hududidagi Hajuvon mahallasida mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Mohira Jalol Shirina” korxonasi tomonidan parrandachilik majmuasi ishga tushirildi.

Bu ishda mahalliy tadbirkorlardan Jalol Aslonov tashabbus ko‘rsatdi.
– Hozirda mazkur korxonamizda 12 ming bosh broyler tovuqlari boqilmoqda, – deydi tadbirkor Jalol Aslonov. – Yaqinda yana 10 ming bosh parrandani boqishga mo‘ljallangan tovuqxonani kengaytirib, jihozladik. 2023 yilning may oyidan ish faoliyatimizni boshlagan bo‘lsak, hozirda korxonamizda 6 nafar ishchi-mutaxassis mehnat qilib, 1,5 million so‘mdan 3 million so‘mgacha oylik maosh olmoqda. Parranda pavilonlarida ular kunlik ozuqa ratsionidagi yem-xashak, zarur darmondori, minerallarning tabiiy manbalari tayyorlangan bo‘lib, biologik himoya qilishning ishonchli tizimi yaratilgan.

Tovuq boqishning o‘ziga yarasha qiyinchiligi ham bor. Yoz jaziramasida tovuqxonalarda haroratni barqaror saqlash, sovuq va seryog‘in kunlarda ham tovuqxona haroratini 25 darajadan tushirmaslikka harakat qilinadi. Qolaversa, har hafta o‘n kunda emlashlarini o‘tkazib, maxsus minerallar bilan boyitilgan kombi-korm, ozuqasini ham saralab olish taqozo qilinadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri