Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro viloyati Jondor tumani “Pochchoyi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro J.Sh. o‘zi yashaydigan mahalla hududidan bir tup manzarali daraxtni qurigan deb, kesib tashlagan. Bu haqida viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, holat yuzasidan daraxtni kesgan fuqaroning mahalladoshlari tuman inspeksiyasi inspektorlariga qo‘ng‘iroq qilib, murojaat qoldirgan. Natijada murojaatga asosan tuman inspektorlari aytilgan manzilga borib qurigan deb kesilgan daraxtni, maxsus o‘lchovchi asbob yordamida o‘lchaganda daraxt qurimaganligi aniqlagan.
Huquqbuzar fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddasi bilan 9 million 180 ming so‘m jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan. Shuningdek, bir tup daraxt o‘rniga kuz mavsumida 100 tup manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish hamda 3 yil parvarish qilish bo‘yicha kafolat xati olingan.

***
Umumiy qiymati 720 million so‘mni tashkil etuvchi tovarni Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi “Olot” chegara bojxona posti orqali noqonuniy tarzda olib o‘tishga bo‘lgan urinish bartaraf etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, xorijiy yo‘nalish bo‘ylab harakatlangan yuk avtomashinasi “Olot” chegara bojxona postiga kirib kelgach, tegishli bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Dastlab, inspeksion ko‘rik majmuasidan olingan rentgen tasviri va yuk kuzatuv hujjatlarining o‘zaro mos kelmaganligi tegishli bojxona ko‘rigidan o‘tkazish lozimligini ko‘rsatdi.

Gumonlarga oydinlik kiritish maqsadida amalga oshirilgan bojxona ko‘rigida bojxona yuk deklaratsiyasida qayd etilmagan 500 dona “Muzlatgich va konditsioner uchun Freon” tovarlari borligi aniqlandi.
Ma’lumot uchun, Ozonni yemiruvchi moddalarni Respublikamiz bojxona chegaralari orqali olib kirilishida tegishli nazorat organlarining ruxsatnomalari talab etiladi. Buni qarangki, bojxona tartib-qoidalarini chetlab o‘tishga uringan “uddaburon”lar mazkur tovarlarni hujjatlarda go‘yoki “metalldan yasalgan bo‘sh gaz ballonlari” deya ko‘rsatish orqali tegishli tartiblarni chetlab o‘tishni maqsad qilgan edi.

Mazkur tovarlar vaqtincha saqlovga olindi. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.