Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro viloyati Kogon shahridagi “Temiryo‘lchilar” istirohat bog‘ida “Ma’naviyat va ma’rifat maskani” ish boshladi.
Anchadan buyon qarovsiz yotgan eski binoning qayta ta’mirlanib, yangicha qiyofaga kirgani, tez fursatda ko‘pchilikning sevimli dargohiga aylanayotgani quvonarli, albatta.

Tadbirda so‘zga chiqqan Kogon shahar hokimi Hayot Davlatov ayni shu jihatga e’tibor qaratdi. Tadbir ishtirokchilari bunday ma’naviyat, ma’rifat va madaniyat go‘shalari davlatimiz rahbari tomonidan el-yurt ravnaqi, ertamiz egalari kamoloti yo‘lida olib borilayotgan oqilona siyosat natijasi ekanligini ta’kidlashdi.


Mehmonlar bu yerda mingdan ortiq badiiy, tarixiy, ilmiy-ommabop kitoblar to‘plangan kutubxona, konferensiya va “Zakovat” o‘yiniga mo‘ljallangan bo‘limlardagi qulayliklar bilan tanishtirildi. Tadbirda yangi maskan kutubxonasiga respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan kitoblar tuhfa qilindi.
****
Kogon tumanida “prava” olib bermoqchi bo‘lgan firibgar qo‘lga tushdi. Firibgar YHXBdagi tanishi orqali haydovchilik guvohnomalarini olib berish evaziga 1000 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Buxoro viloyati Kogon tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B.T. fuqaro M.S.ning ishonchiga kiradi. Unga go‘yoki YHXBda ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 1 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
****
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialida Nazorat va murojaatlar bo‘limi mas’ul xodimlari uchun seminar bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hamda tuman gaz ta’minoti bo‘limlarida ish yuritish, ijro intizomi samaradorligi hamda hujjatlarni tayyorlashda sifat darajasini oshirish uchun nimalarga ahamiyat qaratish lozimligi haqida tushunchalar berildi.


– Iste’molchi bilan muloqot qilish davomida har birimiz e’tiborli bo‘lishimiz shart, – deydi “Qorovulbozortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimi Zebiniso Bo‘stonova. – Chunki ular shunchaki gaz ta’minoti bo‘limiga murojaat qilmaydi. Shu sabab muammolarini o‘rganishimiz, o‘z vaqtida hal etilishiga e’tibor qaratishimiz shart. Bugungi seminar davomida bu haqida batafsil ma’lumot berildi. Seminarda fikr va mulohazalar bildirildi. Tizim rivoji uchun takliflar tinglandi. Aniq vazifalar belgilab berildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri