Buxoro tibbiyotida sifat va natijadorlikka yangicha yondashuv
Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan. Buxoro viloyatida ham bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Buxoro shahridagi Tibbiy diagnostika markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov rahbarligida viloyat sog‘liqni saqlash tizimida 2026-yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyati, tibbiyot muassasalari bosh vrachlari hamda sohaning mas’ul mutasaddilari ishtirok etishdi.
Ta’kidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda inson salomatligini asrash, tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish, birlamchi tibbiy yordamni kuchaytirish va zamonaviy tibbiy infratuzilmani shakllantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buxoro viloyatidagi ishlar ham ana shu ezgu maqsad — inson qadri va salomatligini eng oliy mezon sifatida ta’minlash tamoyili asosida tashkil etilmoqda.

Yig‘ilishda Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Muxsin Rajabovning 2026-yilning yetti oyida amalga oshirilgan ishlar hamda yil yakuniga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan taqdimoti tinglandi.
Muhokamalarda sohada erishilgan natijalar bilan bir qatorda, mavjud muammolarni bartaraf etish, tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish va har bir muassasa faoliyatida aniq natijaga erishish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bugun zamonaviy tibbiyot faqat yangi bino yoki zamonaviy uskuna bilan emas, avvalo, bemorga bo‘lgan munosabat, tashxisning aniqligi, davolash samaradorligi va shifokor mas’uliyati bilan baholanadi. Shu nuqtai nazardan, yig‘ilishda belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati ham aynan sifatli xizmat — qoniqqan bemor — sog‘lom jamiyat tamoyiliga uyg‘unligi bilan ahamiyatlidir.
Yig‘ilishda tibbiyot muassasalarida olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari alohida muhokama qilindi.

Xususan, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Buxoro viloyati filiali, viloyat patanatomiya markazi, shahar tibbiyot birlashmasi hamda Tez tibbiy yordam markazida amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining borishi tanqidiy-tahliliy nuqtai nazardan ko‘rib chiqildi.
Mazkur ob’ektlardagi ishlar nafaqat qurilish jarayoni sifati, balki ularni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish, zamonaviy tibbiy xizmat uchun zarur sharoitlarni yaratish nuqtai nazaridan ham muhimdir. Shu bois, mas’ullarga har bir ob’ekt bo‘yicha aniq vazifalar topshirilib, qurilish sifatini ta’minlash, muddatlarga qat’iy rioya qilish va mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan tegishli yo‘l-yo‘riqlar berildi.
Yig‘ilish doirasida Buxoro viloyatida yirik investitsion loyihani amalga oshirish istagida bo‘lgan tadbirkorlik sub’ekti vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Unda taklif etilayotgan loyihaning mazmun-mohiyati, uni amalga oshirish imkoniyatlari, soha rivojiga qo‘shadigan hissasi hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Bu kabi tashabbuslar tibbiyot sohasiga zamonaviy texnologiyalar, yangi xizmat turlari va investitsiyalarni keng jalb etish, eng muhimi, aholi uchun tibbiy xizmatning yangi sifat bosqichini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Yig‘ilish yakunida sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni izchil davom ettirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish, infratuzilmani takomillashtirish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha soha rahbarlariga aniq vazifalar topshirildi.
Bunda har bir rahbar va mutasaddi zimmasiga yuklatilgan mas’uliyatni kuchaytirish, ijroni qog‘ozda emas, amalda ta’minlash, aholi murojaatlariga e’tiborni oshirish va har bir yo‘nalishda natijadorlikka erishish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi. Zero, tibbiyotdagi har bir o‘zgarishning ortida inson taqdiri, uning hayoti va salomatligi turadi. Yangi bino, zamonaviy jihoz, ilg‘or texnologiya va malakali mutaxassis — bularning barchasi bir maqsadga, ya’ni insonga munosib tibbiy xizmat ko‘rsatishga xizmat qilsagina haqiqiy samara beradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri