Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 25 yoshda
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ish boshlaganiga 25 yil to‘ldi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodining birinchi navbati 1997 yil 22 avgustda ish boshlagan.
Buxoroda mazkur sana munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ mutasaddilari, xorijiy hamkorlar, viloyat sektorlari rahbarlari, zavod ishchi-xodimlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Tantanali tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqdi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan chorak asrlik faoliyati davomida mazkur korxona nafaqat viloyat, balki yurtimiz sanoatining muhim ob’ektlaridan biriga aylandi. O‘tgan davr mobaynida korxonada 41 million tonnadan ortiq uglevodorod xomashyosi qayta ishlandi. Jahon standartlariga javob beradigan turli xil markadagi avtomobil benzini va dizel’ yoqilg‘ilari, aviatsiya kerosini, suyultirilgan gaz va boshqa turdagi tayyor neft mahsulotlari tayyorlandi. 3,5 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlandi. Zavod dastlab tashkil etilgan vaqtda faqatgina 7 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib mahsulotlar hajmi 20 turdan ortdi. Mazkur mahsulotlarning 70 foizi so‘nggi besh yillikda ishlab chiqarila boshlangani Yangi O‘zbekistonning ilk yuksalish yillarida amalga oshirilayotgan islohotlar, hukumatimiz tomonidan yo‘naltirilayotgan mablag‘lar zavod hayotida nechog‘li muhim ahamiyat kasb etayotganidan dalolat beradi.

Tadbirda ushbu sanoat korxonasining ayni paytda viloyat qirilishi, ijtimoiy ob’ektlarni barpo etish, Qorovulbozor tumani cho‘l iqlimini obodonlashtirish va bu yerdagi aholiga qulay turmush sharoitini yaratish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish borasidagi faoliyati ham alohida e’tirof etildi. Har qanday korxona rivoji avvalo, o‘z faoliyatini modernizatsiyalash, faoliyat turlarini kengaytirish, ish hajmini oshirishga bog‘liq. Ayni paytda bu borada amalga oshirilayotgan loyiha ishlari natijasida avtobenzinlar ishlab chiqarish hajmi 35 foizga, suyultirilgan gaz 50 foizga va boshqa turdagi mahsulotlar o‘rtacha 20 foizga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Albatta, bu son ko‘rsatkichlari bevosita sifat ko‘rsatkichlariga ham integratsiya qilindi. Benzin va dizel yoqilg‘ilari to‘liq “Yevro -5” standarti talablariga muvofiqlashtiriladi. Bu esa yana 300 nafar yangi ish o‘rni manbai deganidir.
Tadbirda shonli sana munosabati bilan zavod ishchi-xodimlaridan bir guruhi viloyat hokimligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, shuningdek, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan taqdirlandi. Taniqli san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA