Buxoro jozibasiga oshno qalblar
Ko‘hna va boqiy Buxoro o‘zining boy tarixiy-madaniy merosi, betakror me’moriy yodgorliklari va muqaddas ziyoratgohlari bilan jahon sayyohlarini o‘ziga maftun etib kelmoqda. So‘nggi yillarda shaharga xorijiy mehmonlar oqimi sezilarli darajada ortdi.
Jumladan, Turkiyadan qariyb 100 nafar sayyoh Buxoroga tashrif buyurdi. Ular viloyat turizm sohasi mas’ullari tomonidan Buxoro temir yo‘l vokzalida samimiy kutib olindi. Mehmonlar uchun tashkil etilgan sayohat dasturi davomida ular shaharning boy tarixi, madaniy merosi va muqaddas ziyoratgohlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Sayyohlar Buxoroning eng mashhur tarixiy obidalari va ziyoratgohlariga jumladan, Somoniylar maqbarasi, Ark qal’asi, Poyi Kalon ansambli, Labi Hovuz majmuasi, Bahovuddin Naqshband majmuasi hamda Hazrati Sayyid Mir Kulol ziyoratgohida bo‘lib, ushbu muqaddas va tarixiy maskanlarning o‘ziga xos me’moriy uslubi hamda ma’naviy ahamiyati bilan tanishdi.

Bunday tashriflar nafaqat sayyohlar oqimini oshirish, balki O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashda ham muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, ziyorat turizmi yo‘nalishida Buxoroning salohiyati yuqori bo‘lib, u musulmon olamida alohida e’tiborga ega.
Joriy yilning birinchi choragida Turkiyadan 8714 nafar sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 barobarga oshgan. Bu esa Buxoroning xalqaro turizm bozoridagi jozibadorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Kelgusida ham turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish orqali sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.