Buxoro – Isroil: do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanmoqda
Buxoro viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasining Isroildagi elchixonasi bilan hamkorlikda turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensiyaga O‘zbekistonning Isroil davlatidagi Favqulodda va muxtor elchisi Feruza Mahmudova moderatorlik qildi. Tomonlar o‘rtasidagi muloqotni tashkil etishda yaqindan hamkorlik ko‘rsatilgani uchun viloyat hokimligi hamda Buxoro yahudiylarining butunjahon Kongressiga minnatdorlik bildirildi. O‘zaro do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirish, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini ochishda bu kabi uchrashuv va muloqotlar muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Onlayn muloqotda davlat rahbari tomonidan ko‘hna va boqiy Buxoroda yaratilgan sayyohlik imkoniyatlari haqida aytib o‘tildi. So‘nggi 4 yilda viloyatga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlarning oqimi 3,5 barobardan ziyodga o‘sgani, tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qiluvchilar soni ko‘payib borayotgani e’tirof etildi.
Buxoroda 40 dan ortiq turli millat vakillari yashab kelmoqda. Ular orasida yahudiylar bir necha ming yillardan beri mahalliy aholi bilan bir oiladek ahil-inoq munosabatda istiqomat qilib kelayotgani haqida to‘xtalib o‘tildi. Hozirda Buxoroda umrguzaronlik qilayotgan 80 ga yaqin oiladagi 200 dan ortiq yahudiylar viloyatda o‘tkazib kelinayotgan madaniy, ilmiy-ma’rifiy va bayram tadbirlarda faol qatnashmoqda.
O‘zbekistondagi birinchi yahudiy maktabi ham aynan Buxoroda tashkil etilganligi alohida qayd etildi. Buxoro yahudiylari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari haqida ham fikr-mulohazalar bildirildi. Tadbir jarayonida barcha yahudiylarni Buxoroga sayohat va ziyoratga kelishga taklif qilindi.
Tomonlar o‘rtasida bildirilgan fikr-mulohazalar asosida dactlab Tel-Aviv va Buxoro shaharlari o‘rtasida charter aviaqatnovlarini qo‘yish imkoniyatlari bo‘yicha takliflarni o‘rganib chiqishga kelishildi.
Onlayn muloqotda Buxoro yahudiylarining butunjahon Kongressi bosh direktori Yuda Bloin, viloyat hokimining o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov, Buxoro yahudiylari jamoatchilik markazi raisi Abram Isoqov, “Buxoro Merosi” («Naslediya Buxarы») ilmiy-o‘rganish markazi (NIS) direktori Robert Almiyev, Buxoro yahudiylarining Vena jamoatchilik markazi prezidenti Shlomo Ustoniyazov, “Dimona” munitsipaliteti xodimi Yuriy Itxakovlar qatnashdi.
Zarif Komilov, O‘zA