Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti ochildi
Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti mukammal ta’mirdan chiqqan o‘quv binosi va talabalar turar joyini foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda ta’lim-tarbiya masalasiga kompleks yondashgan holda, bog‘cha ta’limi bilan birga oliy ta’lim tizimini ham uzviy rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktabgacha ta’lim hamda oliy ta’limni rivojlantirish dasturlari qabul qilindi. Shu asosda tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 fevraldagi “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mazkur zamonaviy binoda Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etildi.
[gallery-4129]
Bu oliy dargoh zamonaviy bilim va ko‘nikmalariga ega, mamalakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda munosib hissa qo‘shuvchi yuqori malakalari pedagog kadrlarni yetkazib berishga xizmat qiladi. Zero, 900 o‘rinli yangi institut o‘quv binosining rekonstruksiyasi uchun davlat byudjeti hisobidan 6,5 milliard so‘m, 400 o‘rinli institut talabalar turar joyining mukammal rekonstruksiyasi uchun 5,8 milliard so‘m, institut moddiy*texnik bazasini rivojlantirish uchun Buxoro davlat universiteti mablag‘lari hisobidan 3,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Mazkur institutga bu yil 19 ta ta’lim yo‘nalishida 2 ming 643 nafar talaba qabul qilindi. Jumladan, kunduzgi ta’lim yo‘nalishida 1 ming 624 nafar, sirtqi ta’lim yo‘nalishida 830 nafar, kechki ta’lim yo‘nalishida 189 nafar talaba tahsil olmoqda. Shuningdek, xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishida ta’lim olayotgan 200 nafar talabadan 106 nafarida til bilish sertifikati mavjud. Talabalar safiga qabul qilingan 4 nafar talaba esa kirish imtihonlari (test) natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plab, Prezident granti sohiblariga aylandi.
Jismoniy madaniyat yo‘nalishi talabalarining 47 nafari O‘zbekiston va xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari va sovrindorlari sifatida o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa, magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 8 ta yo‘nalishda 48 nafar talaba tahsil olmoqda. Hozirda institutda 86 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib borayotgani inobatga olinsa, oliygoh pedagogik jamoasi ilmiy salohiyati 29 foizni tashkil qilmoqda.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov qatnashdi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA