Butunjahon yovvoyi tabiat kuni
Yovvoyi tabiat tiriklik olamining ajralmas bir bo‘lagi. Undagi fauna va florani asrab-avaylash, atrof tabiiy muhitning barqarorligini saqlash biologik xilma-xillikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Bugungi ekologik muammolar tabiat bilan tillashishni, unga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishni taqozo etmoqda.
3-mart Butunjahon yovvoyi tabiat kuni sifatida nishonlab kelinadi. Ushbu sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2013-yil 20-dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan ta’sis etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad keng jamoatchilikning yovvoyi hayvonot va o‘simlik dunyosi haqida xabardorligini oshirishdan iborat.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari tomonidan Butunjahon yovvoyi tabiat kuni munosabati bilan turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Mazkur tadbirlarda ushbu sananing kelib chiqish tarixi, yurtimizda yovvoyi tabiatni muhofaza qilish sohasida qilinayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida tushuntirishlar berilmoqda. Atrof-muhit va tabiat boyliklari, eng avvalo, jamiyat manfaatlari nuqtayi nazaridan muhofaza qilinishi, ona tabiatning in’omlaridan nafaqat biz, balki kelajak avlodlarimiz ham bahramand bo‘lishi kerakligi keng targ‘ib etilmoqda.

Shuningdek, ishlab chiqarishning juda tez sur’atlarda rivojlanayotgani, aholi sonining ortib borayotgani, tabiiy boyliklarning kamayib, atrof-muhitning chiqindi moddalar bilan ifloslanayotgani bois bugun tabiat muhofazasi dolzarb masalalardan biriga aylangani yoshlarga tushuntirilmoqda.
Darhaqiqat, tabiatni asrab-avaylash, uni borligicha saqlash, hayvonot va o‘simlik dunyosining ko‘payishiga hissa qo‘shish insoniyat oldidagi dolzarb masaladir. Bu borada har bir inson shaxsiy daxldorlik hissi bilan harakat qilishi, tabiatni asrashi lozim.
Muhtarama Komilova, O‘zA