Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini yuqori baholadi
Hindistondagi o‘xshash topilmalardan qariyb to‘rt asr oldin yaratilgan shaxmat donalari, VII asrga mansub noyob Usmon mushafi va besh xil sivilizatsiya haqida hikoya qiluvchi zamonaviy ekspozitsiyalar — Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda madaniy merosni asrab-avaylash va uni zamonaviy shaklda jamoatchilikka taqdim etishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Ana shunday muhim tashabbuslardan biri sifatida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat ilmiy-ma’rifiy, balki xalqaro madaniy muloqot maydoniga aylanib bormoqda.
Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Shaikha Nasser Al Nowais boshchiligidagi delegatsiyaning mazkur markazga tashrifi buning yaqqol isboti bo‘ldi. Mehmonlar ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, markazning mazmun-mundarijasi, badiiy yechimlari va zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan taqdimotiga yuqori baho berdilar.

Ekspozitsiyalar orasida Islomdan avvalgi davrga oid bo‘lim alohida qiziqish uyg‘otdi. U yerda namoyish etilgan Qo‘yqirilgan qal’a maketi delegatsiya a’zolarida chuqur taassurot qoldirdi. II–VI asrlarga mansub ushbu yodgorlikning nafaqat aholi manzili, balki o‘ziga xos observatoriya vazifasini ham bajargani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Shuningdek, Dalvarzintepadan topilgan qadimiy shaxmat donalari ekspozitsiyaning eng e’tiborli namunalaridan biri sifatida baholandi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bu topilmalar dunyodagi eng qadimgi shaxmat namunalaridan biri bo‘lib, ularning yaratilish tarixi Hindistondagi o‘xshash topilmalardan qariyb to‘rt asr oldinga borib taqaladi.

Birinchi Renessans davriga bag‘ishlangan bo‘limda esa Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) tomonidan turli hukmdorlarga yo‘llangan maktublar nusxalari mehmonlar e’tiborini tortdi. Ekspozitsiyada namoyish etilgan beshta maktub diplomatik muloqot madaniyati va mazmuniy chuqurligi bilan alohida qiziqish uyg‘otdi. Tashrif davomida xattot Habibulloh Solih tomonidan ushbu maktublardan birining nusxasi delegatsiya rahbariga esdalik sifatida taqdim etildi.
Markazning yuragi hisoblangan Qur’oni Karim zalida mehmonlar VII asrga mansub noyob Usmon mushafi bilan tanishdilar. Ushbu muqaddas nusxa uzoq yillar davomida Mo‘yi muborak madrasasida saqlangan bo‘lib, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2025-yilda markazga ko‘chirilgan. Zamonaviy mepping-shou bilan uyg‘unlashgan ushbu ekspozitsiya mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Tashrif davomida delegatsiya markazning har bir jihati davlat rahbarining tashabbusi va bevosita e’tibori asosida amalga oshirilganini alohida ta’kidladi. Bosh kotib o‘z fikrlarida ushbu maskanni turli sivilizatsiyalar haqida zamonaviy va ta’sirchan usulda hikoya qiluvchi noyob madaniy markaz sifatida baholadi.

Uning ta’kidlashicha, markaz nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqaning madaniy imijini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, bu kabi ob’ektlar madaniy turizmni rivojlantirish, tarix va merosga qiziquvchi sayyohlarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Vizalarning 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgani ham mamlakatda turizmni rivojlantirishga qaratilgan izchil siyosatning yana bir ko‘rinishi sifatida qayd etildi.
Delegatsiya a’zolari Faxriy mehmonlar kitobida markazni yuqori baholab, uni kelajak avlodlar uchun muhim ma’rifiy maskan sifatida e’tirof etdilar. Ular ushbu majmuani O‘zbekiston tarixi va sivilizatsion merosini yoritishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Tashrif yakunida Markaz direktori Firdavs Abduholiqov mehmonga 1510-yilda Hirotda ko‘chirilgan Husayn Boyqaro devonining faksimil nusxasini sovg‘a qildi. Ushbu nodir asarda temuriylar davri adabiyoti va san’ati namunalari, jumladan, Kamoliddin Behzodga mansub miniatyuralar o‘rin olgan.
Mazkur tashrif shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan madaniy siyosat xalqaro maydonda ham yuqori baholanmoqda. Bu esa mamlakatning nafaqat tarixiy merosini asrash, balki uni jahon hamjamiyatiga samarali taqdim etish borasidagi sa’y-harakatlari izchil davom etayotganini anglatadi.
Qolaversa, bunday yirik loyihalar kelgusida O‘zbekistonning madaniy va turistik salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA