“Bunyodkor”da bunyodkorlik ishlari avjida
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 18-19 fevral kuni Namanganga tashrifi davomida ushbu “Bunyodkor” mahallasida bo‘lib, hududni obodonlashtirish, aholini ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash bo‘yicha hududda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.
– Mahallaga 326 ta yangi temir-beton tayanch ustunlar o‘rnatilib, qo‘shimcha 2 ta 250 kVAli transformator punkti va 6.1 km masofa bo‘ylab yangi tarmoq qurish ishlari amalga oshirildi, – deydi “Namangan hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi aksionerlik jamiyati Kapital qurilish bo‘yicha direktori Dilmurod Mamajonov.
– Aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash borasidagi ishlar davom etmoqda.
[gallery-1424]
Shuningdek, hududda bunyodkorlik, qurilish ishlarini qisqa muddatda sifatli yakunlash va navbatdagi mahallaga o‘tish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar bajarilmoqda.
Hududga 24 kilometrlik toza ichimlik suvi tarmog‘i tortilishi natijasida nafaqat “Bunyodkor”, balki Namangan shahrining yuqori qismida joylashgan 24 ta mahallaning ham suv ta’minoti yaxshilanadi. Bu yerda tashkil etilayotgan kichik sanoat zonasida esa 46 ta kichik korxona ish boshlab, 3 ming kishini ish bilan ta’minlash imkoni vujudga keladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA