Bunyodkor mahallasiga suv keldi
Prezident topshirig‘i amalda
“Suv keltirgan elda aziz”, deb bejiz aytilmagan. Namangan viloyatining Yangi Namangan tumanidagi “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 43 yil deganda yangi “Yoshlik” suv olish inshooti foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021 yilning fevral oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Namangan shahri markazidan 18 kilometr olisda joylashgan ushbu mahallani obodonlashtirish, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash singari muammolarni hal qilish borasida topshiriqlar bergan edi.
1979 yilda Namangan tumani tarkibida yangi o‘zlashtirilgan, “Samarqand” jamoa xo‘jaligi nomi bilan tashkil qilingan, hozirda “Bunyodkor” deb yuritilayotgan ushbu hududda ayniqsa, chuchuk suv ta’minoti eng og‘ir va dolzarb muammolaridan biri bo‘lib kelayotgandi.
Bu masalani ijobiy hal etish maqsadida, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va Namangan viloyati hokimligi tomonidan Yangiqo‘rg‘on tumanining Buloqboshi qishlog‘idagi yer osti suv manbalaridan foydalangan holda, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi. O‘tgan 1,5 yil davomida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida “Buloqboshi-Bunyodkor” tarmog‘i orqali ilk marotaba suv uzatilishi yo‘lga qo‘yildi. Ichimlik suv tizimlarini qurish ob’ektiga reja bo‘yicha 170 km. ichimlik suv tarmoqlari tortish, "Buloqboshi" suv olish inshooti 8-dona suv olish qudug‘idan va 7,5 km. yig‘uvchi tarmoqdan iborat, Buloqboshi va Saxovat mahallalarida suv tarqatish inshooti tarkibida ikki dona 5000 m3 hovuz qurildi. Umuman olganda, jami 148 km. tarmoq tortish ishlari bajarilib, shuning 33 kilometri magistral, 115 kilometri ichki tarmoqlardir.
[gallery-9330]
Ichimlik suvini yetkazib berishda tabiiy landshaft qiyinchiliklarga duch keluvchi suvchilar uchun eng og‘ir hudud hisoblangan Yangi Namangan, Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlaridagi 24 ta mahallada yashovchi 43 ming aholiga zilol suv kirsa, yana 83 ming aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.
– Taraqqiyot strategiyasida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan viloyatida birgina, 2022 yilda barcha manbalar hisobidan 197,4 milliard so‘m mablag‘ evaziga og‘ir hududlarda 882,6 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortish, 43 ta inshoot qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi, – deydi “Namangan suv ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Ilhomjon Sheranov. – Yuqoridagi ishlarning amalga oshirilishi natijasida, joriy yil yakuni bilan 57 ta mahallada yashovchi 120 mingga yaqin aholi xonadonlariga ilk bora ichimlik suvi kirib boradi. Qolaversa, 110 mingdan ziyod kishining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanishga erishiladi.
Xususan, “Yoshlik” suv inshootidan “Mustaqillik” inshootigacha 9 km. uzunligida diametri D-500 mm. bo‘lgan asosiy tarmoq tortilib, Bunyodkor va Saxovat mahallalaridagi 3,3 mingdan ortiq xonadonlarga jami 202,9 km. ichki tarmoqlar tortilib, aholi xonadonlarning kirish qismlariga hisoblagichlar o‘rnatish orqali suv tarmoqlariga ulash ishlari bajarildi.
bugungi kunda mazkur loyiha doirasida, nafaqat yuqoridagi ikkita hududdagi 16 ming kishi, qolaversa, Yangi Namangan tumanining Mustaqillik 5 yilligi, Yoshlik, Axsikent, Mehnatobod, Mingterak, Tinchlik va Oromgoh mahallalaridagi 43 mingdan ortiq aholi ham toza suvdan bahramand bo‘ladi.
– Ilgarilari asosan adirliklardan iborat bo‘lgan bu hududga ko‘chib kelganimizga 37 yil bo‘ldi, o‘tgan vaqt davomida ariq, kanallardagi suvlarni ichishga to‘g‘ri kelgan, zilol suv ichishga tashna edik, – deydi Bunyodkor mahallasining “Yangi Zamon” ko‘chasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Manzura Rahmatova. – Bugun toza va sifatli suv kela boshladi.
“Yoshlik” suv olish inshootining ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati raisi Sohib Saifnazarov, “Ma’naviyat festivali” va “Madaniyat karvoni” doirasida viloyatga kelgan madaniyat, san’at namoyandalari ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA