BUGUNNING HAQIQATI: Ruh mustaqil bo‘lsin!
Filologiya fanlari nomzodi Sultomurod Olimning til masalasida tanqidiy tahlili
O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 33 yil bo‘ldi. 33 yildirki, tilning sofligi uchun ziyolilar kurashib keladi, lekin hamon O‘zbekistonda til masalasi muammoligicha qolmoqda, ayrimlar muloqotlarda, munosabatlarda so‘zlarning o‘zbekcha muqobilini topolmaydi yoki osonroq yo‘ldan borib, xorij so‘zlarini o‘ylamay ishlataveradi. Bunday holatlarga ziyolilarning o‘z mulohazalari bor...
ANTIQA KO‘ZOYNAK
“Xo‘p”, desangiz, ijtimoiy tarmoqlarga umuman kirmang. “Yo‘q, o‘rganib qolganman, xumor qilyapti”, demoqchi bo‘lsangiz, avval, o‘zingiz uchun bir ko‘zoynak yasatib oling, u ayrim“xushxabar”larni “noxushxabarlar”, deb o‘qisin! Shunda tinch bo‘lasiz. Menga o‘xshab, asabiylashib, kechalari uxlolmay chiqmaysiz.
Yaqinda G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i endilikda “G‘afur G‘ulom nomidagi Dream Park”deb atalishi haqidagi ma’lumotni “Xushxabar” rukni bilan e’lon qilishibdi.
Bu xush xabarmi yoki noxush xabarmi?
BIZDA ISTIROHAT BOG‘I BO‘LMAGANMI?
O‘zi sho‘ro davridagi “park” so‘zidan bazo‘r qutulayotgan edik. Nima, bizda istirohat bog‘i bo‘lmaganmi? Unda Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”da Xuroson (hozirgi Afg‘oniston)da arg‘uvonzor bog‘lar barpo etganini qanday tushunaylik? Axir, arg‘uvon mevali daraxt emas-ku!
Tilshunoslikda hayotda mutlaqo bo‘lmagan narsa kirib kelsa, o‘z nomi bilan yuritilishi qonuniyati bor. Lekin bizda madaniyat va istirohat bog‘lariga o‘xshash bog‘lar avvalgi zamonlarda ham bo‘lgan.
“SADKABUZ” – NIMA?
Uzoq yillar poytaxtning Sergeli hududida ko‘pqavatli uylardan iborat mavzesida yashaganman. Kallayi saharlab atrof qishloqlardan ayollar sut olib keladi. Lekin faqat:
– Moloko! Moloko! – deb baqiradi. Mahallada o‘zbekchani tushunmaydiganlar soni 10 foyizga ham bormaydi o‘zi. O‘shalarga ham ikki-uch marta: “Sut! Sut!” – deb baqirsangiz, bu “moloko” ekanini tushunib qoladi-ku.
Choshgohroqqa borib, ko‘chada bir eshak arava paydo bo‘ladi. Uning haydovchisi:
– Sadkabuz! Sadkabuz!, – deb baqiradi. Bu qaysi tilda, nima ma’noga ega – uning o‘zidan boshqa hech kim tushunmaydi. Tushib, o‘zidan so‘radim.
– “Shirin tarvuz”, – demoqchiman”, – dedi. Demak, u o‘zicha:“Sladkiy arbuz!” – deb baqirgan. Lekin, nazarimda, umrida biror marta bu ikki so‘zning ruschada qanday yozilishini ko‘zlari bilan ko‘rmagan-ov.
O‘ZBEKCHA GAPIRIB BO‘LMAYDIMI?
Bularga ham bazo‘r chidaysan. Bir tuppa-tuzuk o‘zbek ziyolisining hovlisiga mehmonga bordik. Bir chekkada boylangan iti bizni ko‘rib, vovulladi. Sohibi xonadon unga:
– Tixo! Svoi lyudi-je! – dedi ruschalab.
– Bu itingizni qachondan beri boqasiz? – deb so‘radim jurnalistik qiziquvchanligim tutib.
– Ikki haftaligida olib kelganman, – dedi.
– Ie, unda nimaga unga ruscha gapirasiz? – dedim yana.
– Axir, rus ovcharkasi-ku bu! – desa bo‘ladimi?! Nima, rus ovcharkasi ham ruscha tushunadimi? Unga o‘zbekcha gapirib bo‘lmaydimi?
“POLNЫY BAK”DEB, O‘ZBEKCHALAB AYTMAYSIZMI, DODA?!”
Fuqarolarimiz ong-tafakkurini rus tilining qattiq bosimi tark etganicha yo‘q. Poytaxt ko‘chalarida sof o‘zbekcha gapirsangiz, Xudo haqi, sizni hech kim tushunmaydigan darajaga borib qolingan. Eng yomoni, buni uncha sezmay ham boryapmiz. Taksiga o‘tirib: “Qardoshlik qabristonidan chapga burilamiz”, desam, haydovchi menga: “Doda, o‘zbekchalab tushuntiring, qayerdan burilishim kerak?” deb so‘raydi. “Bratskaya mogiladan”, desam: “Shundoq demaysizmi?” deydi. “Ho‘v anavi belgidan qayrilib olamiz”, desam, yana baqrayadi. Keyin unga: “Ha, aytgancha, razvorot qilamiz”, deyman “o‘zbekchalab”. Yoqilg‘i quyish shoxobchasida zinhor-bazinhor: “To‘ldirib quying”, demang. Xudo haqqi, tushunishmaydi. “O‘zbekchasi”ga: “Polnыy bak”, deng, ishingiz osongina bitadi-qo‘yadi. Shunaqa va yana shunaqa.
MINGAN MASHINANGIZNING NOMI NIMA MA’NONI ANGLATADI?
Adashmasam, O‘zbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmad: “Xo‘rozqand xorijniki desa, yotib olib, yalaydi odamlarimiz”, deganday bir gap yozgan edi. Lekin bu import tovarlarga qiziqishning zo‘rligi haqidagina aytilgan edi.
Bugun xorijga ixlosning tarmoqlari juda kengayib ketdi.
1996 yildan buyon o‘zimizda avtomobil ishlab chiqariladi. “Tiko”, “Matiz”, “Spark”, “Damas”, “Neksiya”, “Lasetti”, “Kaptiva”, “Malibu” va boshqalar. “Spark”ning “Chaqmoq”, “Neksiya”ning “Qaldirg‘och”ekanini undan-bundan eshitgan joyim bor.
Lekin shunday beparvo xalqmizki, minib yurgan mashinamizning nomi qanday ma’no anglatishi bilan hech ham qiziqmaymiz.
INDAMASANG, BOSHINGGA CHIQIB OLISHADI!
“Indamasang, boshingga chiqib olishadi”, degan iboramiz bor. Tilga beparvoligimiz haddan oshgandan-oshib borayotir. Indamaganimiz uchun boshimizga chiqib olishyapti.
Mana, Toshkentimizning ko‘chalarida yursangiz, Yevropaga borib qolganday bo‘lasiz. Hamma yoqda ruscha, inglizcha yana allambalocha nomlar. Kecha bir og‘aynimizning uyiga borish uchun “Smayl” magazinidan burildik. Nima bu? “Ismoil”mi?
“Korzinka” magazinlar tizimiga o‘rganib ham qoldik. Shuni “Savat” desa, asakasi ketarmidi? Mana, bir dono kishi yangi ochilgan magazinlar tizimiga o‘zbekcha “Havas” deb nom qo‘ydi? Qanday yaxshi! Qanday chiroyli! Nomining o‘zi kishiga qandaydir ezgu quvvat tarqatib turgandek. Osmon kelib yerga qapishmabdi-ku! Binoyidek savdosi yurishyapti shularning ham. Qandini urishsin!
Bir necha yil oldin Mirzo Ulug‘bek nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga “Central Park” nomi berildi (bu “Markaziy bog‘” degani), indamadik, Milliy bog‘ning bir qismida tashkil etilgan istirohat maskaniga esa “Magic City” degan nom qo‘yildi, indamadik. Demak, ayb o‘zimizda.
“G‘afur G‘ulom nomidagi Dream Park”birikmasidagi oxirgi ikki inglizcha so‘z “Orzular bog‘i”ma’nosini anglatar ekan.
Keling, siyosatni qo‘ya turaylik-da, masalaga amaliy jihatdan yondashaylik. Xo‘sh, bu boqqa ko‘proq o‘zbeklar kiradimi yoki inglizlarmi? Qay biri muhimroq? Oqilona yo‘l tutib, inglizcha aralashtirmasak, bo‘lmaydimi?
Bu – birinchidan.
Ikkinchidan, bu boqqa G‘afur G‘ulom nomi berilgan, uning kiraverishiga akademik shoirning haykali ham o‘rnatilgan. Shunday ekan, ikkinchi nomga nima hojat bor?
To‘g‘ri, G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i 2019 yili “BMP Smart Decision Private Limited” egasi o‘zbekistonlik bo‘lgan xorij kompaniyasiga 49 yilga ijaraga berilgan. Kompaniya bog‘ni to‘liq qayta ta’mirladi (rekonstruksiya qildi). Shu yilning 24 oktyabr kuni Chilonzor tumani hokimligi ta’mirlash va qayta jihozlash ishlari yakunlanganini ma’lum qildi. Bu ham yaxshi.
Lekin...
SHARTNOMA SHART TALAB QILADI
1998 yili Germaniyaga jurnalistik safarga borganman. Bir korxona sotilsa, 5 yilgacha o‘sha eski ishlab chiqarishini davom ettirish shart qilib qo‘yilar ekan. Chunki tappa-tayyor mahsulot chiqarib turgan korxona birdan boshqa sohaga ixtisoslashsa, bozorda muvozanat buziladi-da.
Shuning uchun oldi-sotdi shartnomasi tuzilayotganda bu qat’iy shart sifatida yoziladi. Shu shartga ko‘ngangina korxonani sotib oladi va bu shartga qat’iy amal qiladi. Aks holda, jazolanadi.
QAT’IY XULOSA
O‘zbekistonda o‘zbek tili – davlat tili. Bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida qat’iy qilib belgilangan. Shu asosda qonun ham qabul qilingan.
Demak, shunday tartib o‘rnataylikki, mamlakatimiz hududidagi korxona, tashkilot, madaniyat va istirohat bog‘i va boshqalarni sotib olgan, ijaraga olgan xorijlik yuridik yoxud jismoniy shaxs ularni o‘zbekcha nomlashni qonunan bo‘yniga olsin.
Davlatimiz mustaqil bo‘lgan. Lekin endi ruhimizni mustaqil qilishimiz kerak!
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi