bugungi kunda 120 ming talabaga turar joy yetishmaydi
bugungi kunda oliy ta’limi muassasalari soni 2016 yildagi 77 tadan 177 taga yetgan. Talabalar kontingenti esa 200 mingdan 1 mln.ga yetib, 5 baravarga oshgan. Hozirda 113 ta davlat oliygohining birgina kunduzgi ta’lim shaklida ilgarigi 80-100 ming talaba o‘rniga 500 mingdan ortiq talaba o‘qiyapti.
Ushbu raqamlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining «Talabalarni turar joy bilan ta’minlash, ijara va to‘lov-kontrakt masalalari yuzasidan olib borilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumanida keltirib o‘tildi.
– Aytish joizki, aynan shunday katta o‘zgarishlar natijasida xalqimizning xohish-irodasiga muvofiq, yoshlarimizning oliy ta’lim olish bilan bog‘liq ehtiyoji ijobiy hal etildi, – dedi vazir Abduqodir Toshqulov. – Bunday o‘sish ko‘rsatkichlari talabalarning yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyojini ham bir necha barobarga oshirib yubordi. Ayni paytda oliy o‘quv yurtlarining 92 tasida yotoqxona quvvati 91 451 o‘rinni tashkil etadi.
Yangi o‘quv yilida 211,1 ming talaba turar joyga ehtiyoji borligini ma’lum qildi. bugungi kunda 120 ming talabaga turar joy yetishmaydi. Lekin barcha, hatto ijarada turishga imkoni bor talabalar ham nisbatan arzon va qulay bo‘lgan yotoqxonalarga joylashishni istaydi.
Vazir ayni damda vazirlik hamda har bir oliy o‘quv yurtida talabalarni yotoqxonalar va ijara uylariga joylashtirishga ko‘maklashuvchi maxsus shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kunlik jarayon nazorat qilib borilayotganini ta’kidladi.
Talabalar yotoqxonasi asosan kimlarga beriladi?
Matbuot anjumanida ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan masalaga ham to‘xtalib o‘tildi. Oliy ta’lim muassasalarida, jumladan, O‘zbekiston Milliy universitetida 1943 ta, Toshkent davlat texnika universitetida 672 ta bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lib, komissiyalar tomonidan arizalarni qabul qilish belgilangan mezonlar asosida ko‘rib chiqilayotgani aytildi.
– Bunda eng avvalo, chin yetim, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, «Temir daftari»ga kiritilgan, birinchi yoki ikkinchi guruh nogironlari, surunkali kasallik bilan davolanadigan, xorijdan kelib o‘qiyotgan, oilasida 2 yoki undan ortiq farzandi kontraktda o‘qiyotgan hamda 1-kurs talabalariga ustuvorlik berish tartibiga qat’iy rioya qilinadi, – dedi A.Toshqulov.

Davlat rahbarining alohida qaroriga ko‘ra, 2022-2025 yillar davomida qo‘shimcha 100 ming o‘rinli yotoqxona qurilishi belgilandi va buning uchun qariyb 5 trln. mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. So‘ngi 5 yilda yotoq o‘rinlari soni qariyb ikki baravarga oshdi, talabalar turar joylari quvvati 91,4 ming o‘ringa va yotoqxonalar soni 257 taga yetkazildi.
Talabalar kontingentining keskin o‘sib borishi sharoitida yangi yotoqxonalarning qurilishi va ishga tushirilishi ham muammoni to‘liq hal etmaydi. Mas’ullar tomonidan davlat rahbari qarori bilan ijara uylarida yashashiga to‘g‘ri keladigan talabalarga ijara to‘lovining 50 foizini to‘lab berish tartibi joriy etilgani haqida ma’lumot berildi.
Vazirlik tomonidan elektron platforma yaratilib, unga har bir hudud bo‘yicha ijara uylarining ma’lumotlar bazasi shakllantirilganligi, ijara uylarining manzili, narxi, uy egasining telefon raqami kabilar joylashtirilgani, tyutorlar zimmasiga talaba uchun ijara uyi topish majburiyati yuklangani ham ularni o‘ylab qilingan choralardir.
Fuqarolarning uy-joylarini talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlariga soliq solinmaydi
Yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasiga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi belgilangan. Shu maqsadda davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga ijara to‘lovlari uchun 2022 yilda 120,4 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan hamda ushbu ajratilgan mablag‘lar hisobidan joriy yilning yanvar-iyul oylarida 23 585 nafar talabaga 15,6 mlrd. so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.
Muammolarni yechish uchun Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirish kiritilib, 2022 yil 1 yanvardan fuqarolarning uy-joylarini talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlariga soliq solinmasligi belgilab qo‘yildi.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarning savollariga batafsil javoblar berildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA