Bugun slavyanlar do‘stligi va birdamligi kuni
Bugun dunyo bo‘ylab slavyanlar Do‘stlik va birdamlik kunini nishonlamoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzida 300-350 million slavyan yashaydi.
Polyak, chex, slovak, kashubiy va lusat millatiga mansublar g‘arbiy, bolgar, serb, xorvat, makedon, sloven, bosniya va chernogoriyaliklar janubiy slavyan hisoblanadi. Millati rus, belarus va ukrain bo‘lganlar esa sharqiy slavyan guruhini tashkil etadi.
Slavyanlar Rossiya, Ukraina, Belarus, Polsha, Chexiya, Xorvatiya, Slovakiya, Bolgariya, Serbiya va Chernogoriya aholisining asosiy qismini tashkil qiladi. Shuningdek, ushbu qavm butun sobiq ittifoq bo‘ylab hamda Vengriya, Gretsiya, Germaniya, Avstriya, Italiyada ham yashaydi.
Aksar slavyanlar nasroniy diniga e’tiqod qo‘ygan, faqat Usmonlilar hukmronligi davrida Yevropa janubidagi bosniyaliklar islomni qabul qilgan. Bolgar, serb, makedon, rus millatiga mansublar va chernogoriyaliklar pravoslav hisoblanadi. Xorvat, sloven, polyak, chex, slovak va lusatlar – katolik. Ukrainlar va belaruslar orasida pravoslav ko‘p, katolik va uniatlar ham bor.
XIX asr ikkinchi yarmida slavyan xalqlari Rossiya, Avstriya-Vengriya va Usmonlilar imperiyasi bo‘ylab tarqalgan edi. Chernogoriyaliklar kichik mustaqil davlatda, lusatiyaliklar esa Germaniyada yashagan. XX asr oxiriga kelib zamonaviy Germaniyada yashovchi ruslar va lusatiyaliklardan tashqari barcha slavyan xalqlari mustaqil davlat sifatida ajralib chiqdi.
Slavyan xalqlarining birlashuvi g‘oyasi uzoq tarixga ega bo‘lib, o‘ziga xos an’ana, ko‘p asrlik madaniyat, urf-odat va marosimlar shaklida avloddan-avlodga o‘tib, fuqarolar tinchligi va totuvligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ular do‘stlik va birdamlik kunida turli mamlakatlarda ajdodlar an’anasi va madaniyatini tiklashga qaratilgan ko‘plab madaniy tadbirlar uyushtiradi. Rossiya, Belarus va Ukrainada “Slavyan birligi” festivali ilk bor 1969 yil o‘tkazilgan va yillar davomida shu uch xalqning norasmiy bayramiga aylangan. 1975 yil uch mamlakat chegarasi tutashgan joyda “Uch opa-singil” ramziy nomi bilan ham tanilgan do‘stlik monumenti o‘rnatilgan.
“RIA Novosti” yozishicha, 2024 yil “Slavyanlar birdamligi” festivali 29 iyul kuni Bryansk shahrida bo‘lib o‘tadi. Bayram doirasida ko‘rgazmalar tashkil etiladi, ma’ruzalar o‘qiladi. Filmlar namoyish qilinib, turli tadbirlar uyushtiriladi.
S.Rahimov, O‘zA