Bugun Ozarbayjonda Zafar kuni nishonlanmoqda
2020 yilning 8 noyabr sanasi zamonaviy Ozarbayjon tarixida muhim o‘rin tutadi.
O‘sha kuni Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘ni qaytarib oldi. Bu hududlar qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan edi. 44 kunlik urush yakunida Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka hamda 286 ta qishloq yana Ozarbayjon tasarrufiga o‘tdi. Shu tariqa mamlakat hududiy yaxlitligi tiklandi. Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevning farmoni bilan Qorabog‘ning bosh kenti Shusha shahri ozod qilingan 8 noyabr G‘alaba (Zafar) kuni sifatida belgilandi va har yili tantanali nishonlanadigan bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Ozarbayjon Prezidenti davlatimiz rahbarini mamlakatimizda o‘tgan Prezident saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan samimiy qutlab, O‘zbekiston xalqining farovonligi va ravnaqini ta’minlash borasidagi faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon rahbari va birodar xalqini milliy bayram – G‘alaba kuni bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik-osoyishtalik va bardavom taraqqiyot tilaklarini izhor etdi.
Sentyabr oyida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti administratsiyasi xorijlik jurnalistlar uchun Qorabog‘ o‘lkasiga media-tur uyushtirdi. Press-Turda ishtirok etar ekanman, beixtiyor Erkin Vohidovning «Inson» qasidasini, undagi «mamlakatga mamlakat, millatga millat bo‘lsa qasd, qilg‘uvchi so‘ng oqibat armon o‘zing, afg‘on o‘zing» degan satrlarni esladim.
26 sentyabr erta tongda Bakudan Shusha tomon yo‘lga chiqdik. Yo‘l yurib, yo‘l yursak ham mo‘l yurib 12 soatda Shusha shahriga keldik. Aslida olti soatlik yo‘l. Biz yo‘l-yo‘lakay minalardan tozalash jarayoni bilan tanishdik.
ANAMA (Ozarbayjon hududlarni minalardan tozalash agentligi) xodimlari OAV vakillariga ozod qilingan xududlarni minalardan tozalash jarayonlari haqida gapirib berdilar. Shuningdek, jurnalistlarga minalarni ko‘rgazmali portlatishni namoyish qildilar. Aytish kerakki, bugungi kunda ozod qilingan hududlarda qayta tiklash ishlarining boshlanishiga aynan minalar xalaqit bermoqda. Shu sababli ham hukumkat oldida ozod qilingan hududlarni minalardan tozalash va fuqarolarni o‘z uylariga qaytarishdek vazifalar turgani qayd qilindi.
Shundan so‘ng, xarobaga aylangan Jabroil tumaniga va tuman markaziga bordik. Shu o‘rinda biz qisqa muddatlarda qurib foydalanishga topshirilgan «Zafar yo‘li»dan emas, balki afgor holdagi eski yo‘ldan yurganimizni aytib o‘tmoqchiman. Biroq, mana shu yo‘l chetida xalqaro talablarga javob beradigan yo‘l qurilishi davom etayotganini ham ta’kidlab o‘tish joiz. Bizlarga aytishlaricha, ayni damda ozod qilingan hududlarda 13 ta yo‘nalish bo‘yicha yo‘l qurilayotgan ekan.
Jabroilda uylar buzilgan, hatto qabristonlar tekislangan, yondirilgan. Birorta ham bino qolmagan. Eng qizig‘i binolar yondirilmagan, balki odamlar tashlab ketgan uylar ataylab buzilgan. Eshik, derazalar, yog‘ochlar qurilish materialari sifatida olib ketilgan. Ayni damda Jabroil arvoh shaharga aylangan. Unda odamlar yashamaydi.
2020 yilning 17 oktyabr kuni Ozarbayjon Qurolli kuchlari Fuzuliy shahrini o‘z nazoratiga olgan edi. O‘sha yilning 26 noyabr kuni Transport, aloqa va yuqori texnologiyalar vazirligi ICAO Ozarbayjon Fuqaro aviatsiyasining 6 ta, jumladan Fuzuliy aeroportini xalqaro joylashuvlar indeksi katologiga kiritish borasidagi murojaatini qanoatlantirgani borasida ma’lum qildi.
2021 yilning yanvarida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Fuzuliy shahrida xalqaro aeroport qurish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 14 yanvar kuni yangi aeroportning tamal toshi qo‘yildi. Shu yilning 5 sentyabr kuni Fuzuliy aeroportiga "Silk Way Airlines" aviakompaniyasiga tegishli "Boeing 747-400" yuk samolyoti kelib qo‘ndi.
Oradan ko‘p o‘tmay aeroportga "Azerbaijan Airlines" aviakompaniyasiga tegishli "Airbus A340" (nomi «Qorabog‘») samolyoti uchib keldi. Yo‘lovchi samolyoti Qorabog‘ o‘lkasiga kelayotgan jurnalistlarni olib keldi.
Biz ham Fuzuliy aeroporti bilan yaqindan tanishdik va Shushaga yo‘limizni davom ettirdik.
Shu o‘rinda 26 oktyabr kuni Qorabog‘ning Fuzuli shahrida yangi aeroport rasman ishga tushirilganini ta’kidlab o‘tish kerak. Aeroportni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on ochib berdi. Erdo‘g‘onning samolyoti Bakuga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Fuzuliy aeroportiga qo‘ndi. Shu tariqa Turkiya yetakchisi Fuzul aeroportiga borgan ilk davlat rahbari bo‘ldi. Aliyev va Erdo‘g‘an tasmani kesib, aeroportni ochib berdi. Ularga Fuzuli xalqaro aeroportining ramziy kalitlari topshirildi. Shundan so‘ng, Ozarbayjon va Turkiya Prezidentlari aeroportdagi sharoitlar bilan tanishdi.
27 sentyabr kuni Ozarbayjonda shahidlar yodga olindi va harbiy hurmat bajo keltirildi. O‘tgan yilning 2 dekabr kuni prezident tomonidan qabul qilingan farmoyishga ko‘ra, har yili 27 sentyabr Ozarbayjonda Xotira kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Mamlakatning barcha ibodatxonalari(masjid, cherkov)da soat 9:00da shahidlar yodga olindi. Jumladan bu kabi tadbirlar qadimiy Shushada ham bo‘lib o‘tdi(shaharda qurilish ishlari avjida, asosan harbiylarni va quruvchilarni uchratish mumkin).
Shushadagi Yuxarы Govxarag jome masjidida shahidlar haqiga duo qilindi. Soat 10:00da Ozarbayjon prezidenti, Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Ilhom Aliyev millatga murojaat bilan chiqdi. U o‘z murojaatida roppa rosa bir yil avval boshlagan urush 44 kun davom etganini, hamda Ozarbayjon armiyasi jasorati bilan bu jangda zafar quchilganini aytdi. «Shahidlar yuragimizda abadiy qoladi» dedi Ilhom Aliyev. Uning aytishicha, Bakuda Vatan urushi majmuasi va Zafar muzeyi quriladi.
«Ikkinchi Qorabog‘ urush bizning shonli tariximiz», dedi Ozarbayjon rahbari. U adolat va xalqaro huquq qaror topganini ta’kidlab o‘tar ekan, «biz milliy qadriyatimizni tikladik», dedi. «Bugun ozarbayjon xalqi g‘olib xalq sifatida, Ozarbayjon davlati g‘olib davlat sifatida yashamoqda. Endilikda biz g‘olib xalq, g‘olib davlat sifatida yashaymiz», dedi Ilhom Aliyev.
Uning aytishicha, Ozarbayjonda endilikda «Tog‘li Qorabog‘» degan ma’muriy hudud yo‘q. Prezident o‘z murojaatida bosqinchilar tomonidan shahar va qishloqlar, tarixiy yodgorliklar buzib tashlanganini, tahqirlanganini ma’lum qildi. Qorabog‘dagi 67 ta masjiddan 65 tasi butunlay buzib tashlandi.
Ilhom Aliyev ozod qilingan hududlarda qayta tiklash va bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda olib borilayotganini ta’kidlar ekan, qisqa fursatlarda odamlarni o‘z uylariga qaytarish muhim vazifalardan ekanligini eslatib o‘tdi.
U o‘z so‘zini g‘alabaning ajralmas qismi bo‘lgan «Qorabog‘ bizniki! Qorabog‘– bu Ozarbayjon!» degan so‘zlar bilan yakunladi.
Soat 12:00da mamlakat bo‘ylab, jumladan Shusha shahrida ham transport harakatlari to‘xtatildi, bir daqiqa sukut saqlandi va harbiy parad o‘tkazildi.
Tadbirlar tugagach, Shushadan Bakuga qaytdik. Qaytishda «Zafar yo‘li»dan keldik. Bir narsaga amin bo‘ldim-ki, Ozarbayjon g‘alabaga uzoq tayyorgarlik ko‘rgani aniq bo‘ldi. «Zafar yo‘li»ni qurish uchun uzoq yillar davomida loyiha ustida ish olib borilgani bor gap. Yo‘llar tep-tekis. Aytishlaricha, 2021 yilning birinchi yarim yilida Qorabog‘da tiklanish ishlari uchun 269 million manat (158 million dollar), jumladan Fuzuliyda 75 million manat (44 million dollar) sarflangan. Ammo yon atrofdagi qishloqlarning vayron etilgani, ekinzorlarning qaqrab yotgani odamning ko‘nglini xijil qiladi. Beixtiyor yana «Inson» qasidasi, undagi «Sobitu sayyorada inson o‘zing, inson o‘zing. Mulki olam ichra bir hoqon o‘zing, sulton o‘zing» degan satrlar yodga tushadi.
Sharofiddin To‘laganov, O‘zA