Bugun mamlakatimizda prokuratura xodimlari kuni nishonlanmoqda
8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi xodimlari kuni munosabati bilan Bosh prokuraturada bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tgan tadbirda Prezident Administratsiyasi, Parlament, Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbar xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, Bosh prokuratura, Harbiy prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi Departament, Majburiy ijro byurosi va Akademiya xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev kirish so‘zi bilan ochib, tizimda faoliyat olib borayotgan xodimlarni bayram bilan tabrikladi.
- Prokuratura organlarini xalq prokuraturasiga aylantirish, avvalo, tizimda ochiqlik va shaffoflikni to‘la ta’minlash hamda faqat va faqat xalq manfaati yo‘lida og‘ishmay xizmat qilish asosiy vazifamiz, - dedi Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev. - Prokuratura isloh qilinib, jazolovchi organ emas, balki tom ma’noda inson huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlovchi idoraga aylantirildi.

Tadbir yakunida Bosh prokuror buyrug‘iga asosan halol va fidokorona mehnati bilan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda qonuniylikni mustahkamlashga o‘zining munosib hissalarini qo‘shib kelayotgan va xizmat vazifalarini namunali bajarayotgan bir qator xodimlar taqdirlandi.
Tadbirda ishtirok etgan idora va tashkilotlar mas’ul xodimlari, vazirlar, hokimlar prokuratura xodimlarini kasb bayrami bilan qutladi.
Fursatdan foydalanib, barcha prokuratura xodimlarini kasb bayrami bilan muborakbod etamiz!
Norgul Abduraimova, O‘zA