Bugun jahon hamjamiyati qochqinlar kunini nishonlamoqda
BMT Bosh Assambleyasining 2000 yil 4 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan ta’sis etilgan Qochqinlar kuni ilk bor 2001 yil o‘tkazilgan.
2001 yil 1951 yilda qabul qilingan Qochqinlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiyaga 50 yil to‘ldi. Mazkur hujjatda "qochqin" tushunchasiga aniqlik kiritilgan, qochoqlarning huquqi va erkinligi, ularga nisbatan davlatning majburiyati ko‘rsatilgan.
Hozir 146 davlat a’zo bo‘lgan ushbu konvensiyada qochqin irqi, dini, millati, siyosiy qarashi yoki muayyan ijtimoiy guruhga mansubligi sababli ta’qib qilinishdan asosli qo‘rquv tufayli mamlakatini tark etgan, qaytishga qodir yoki buni xohlamaydigan shaxs, deyilgan. Ko‘pchilik tabiiy yoki texnogen ofat tufayli ham qochqinga aylanishi mumkin.
Hujjatning asosiy jihati qochqinni chiqarib yuborish yoki uni majburan qaytarishni taqiqlashdir. Qayd etilishicha, “Davlat qochqinni irqi, dini, millati, muayyan ijtimoiy guruhga mansubligi yoki siyosiy qarashi tufayli hayoti yoki erkinligi tahdid ostida bo‘lgan mamlakat hududiga hech qanday holatda chiqarib yubormaydi yoki qaytarmaydi”. Bu hukm o‘zi joylashgan davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi qochqinga yoki o‘ta og‘ir jinoyat uchun sudlangan shaxsga nisbatan qo‘llanishi mumkin emas.
Konvensiyaga binoan, qochqin chiqarib yuborishdan, ahdlashuvchi davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlik uchun jazodan himoyalanishi kerak. Shuningdek, yollanib ishlashi, boshpana bilan ta’minlanishi, ta’lim olishi, davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi lozim. Qochqinning diniy e’tiqodi, da’vo qilishi, erkin harakatlanishi, shaxsiy guvohnoma olishi bo‘yicha ham huquqi ta’minlanishi shart.
XX asr o‘rtalarida dunyo bo‘ylab 1,25 millionga yaqin qochqin xalqaro yordamga muhtoj edi. 1950 yillar oxiriga kelib, qochqinlar muammosining o‘zagi Yevropadan boshqa qit’alarga, ko‘proq Afrikaga ko‘chdi. Keyingi o‘n yilliklarda bu hodisaning geografiyasi sezilarli darajada kengayib, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Bolqonni qamrab oldi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar ishi bo‘yicha mas’uliyatini tan olgan holda, Bosh Assambleya 1950 yil BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasini tashkil etdi. Faoliyatini 1951 yil 1 yanvardan boshlagan mazkur tuzilmaning ikki asosiy vazifasi bo‘lib, qochqinlarni xalqaro himoya bilan ta’minlash va qochqinlar muammosiga barqaror yechimlar izlashdan iborat. Umuman, Oliy komissarlik dunyodagi qochqinlarni himoya qilish vakolatiga ega yagona xalqaro tashkilot hisoblanadi.
So‘nggi o‘n yillikda yer yuzi bo‘ylab xalqaro chegaralar orqali aholi ko‘chishi eng yuqori darajasiga chiqdi.
Ma’lumotga ko‘ra, 2022 yil oxiriga kelib, urush, ta’qib, zo‘ravonlik, inson huquqi buzilishi yoki tabiiy ofat tufayli jami 108,4 million kishi uyini tark etgan. Bu avvalgi yil ko‘rsatkichidan 19,1 million kishiga ko‘p. Dastlabki hisob-kitobga ko‘ra, 2023 yil may oyiga kelib, qochqinlar va ichki ko‘chirilganlar soni, allaqachon, 110 million kishini tashkil qilgan. Ichki miqyosda ko‘chganlarning 35,3 million nafari xavfsizlik izlab xalqaro chegarani kesib o‘tgan. 62,5 million yoki 58 foiz kishi o‘z mamlakatining boshqa hududiga o‘tgan.
Yana bir fakt: ko‘chganlarni past va o‘rta daromadli mamlakatlar (76 foiz) boy davlatlarga qaraganda ko‘p qabul qilgan. Shu bilan birga, barcha qochqinlarning 20 foizidan ortig‘i dunyoning eng kam rivojlangan 46 davlatida yashamoqda.
2015 yildan keyin Yevropaga kelayotgan muhojirlar soni doimiy ravishda kamaya boshlagan edi. Masalan, 2021-2022 yillari Yevropada ushbu ko‘rsatkich pandemiya sababli 2020 yilga nisbatan past darajani namoyon qildi. Keyingi yillarda esa chegarani noqonuniy kesib o‘tish holati bo‘yicha “o‘sish” kuzatilmoqda.
Yevropa Ittifoqining “Frontex” chegara agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil 330 mingga yaqin shunday harakat qayd etilgan. Bu 2021 yilga nisbatan 64 foiz ko‘p.
Bu borada eng gavjum chiziq – G‘arbiy Bolqon yo‘nalishi bo‘ylab YeI mamlakatlariga borgan qochoqlar umumiy raqamning 45 foiz (145,6 ming)ini tashkil etdi. Demak, o‘tgan yil noqonuniy muhojirlik miqdori 136 foiz oshgan. Ikkinchi yirik yo‘nalish – Markaziy O‘rta yer dengizi orqali YeI hududiga 102 529 marta noqonuniy o‘tish kuzatilgan.
Noqonuniy muhojirlarning asosiy qismi suriyaliklar, afg‘onlar va tunisliklardir.
Rossiya 2022 yil 24 fevral kuni Ukrainada maxsus harbiy amaliyot boshladi. Natijada jangovar harakat davom etayotgan hududlardan odamlar ko‘chishi keskin ortdi.
BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi xabar berishicha, 2023 yil 6 iyun holatiga ko‘ra, dunyodagi ukrainalik qochqinlar soni 6,28 million kishini tashkil etgan, ulardan 5,9 millioni Yevropa mamlakatlaridan boshpana topgan.
Afsuski, insoniyat iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofat, urush, ocharchilik, zo‘ravonlik, elatlar o‘rtasidagi kelishmovchilik bilan bog‘liq muammolarni uzil-kesil barataraf qila olmayapti. Qochqin ko‘payishi sababi qidirilganda aynan shu muammolar ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Qochqin bir mintaqadan ikkinchisiga o‘tayotganda jonini xatarga qo‘yadi, hayoti qil ustida ekanini biladi. Afsuski, bolalar va ayollar ushbu “missiya”ning eng ojiz qurbonlariga aylanishi ehtimoli yuqori.
Xullas qochqinlar masalasi insoniyatning eng og‘riqli nuqtasiga aylanib, global miqyosda, xalqaro hamjamiyat hamkorligida hal qilinishi lozim bo‘lgan keskin muammoligicha qolmoqda.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA sharhlovchisi