Bugun I.V.Saviskiy 105 yoshga toʻldi
Har yili ushbu kunda buyuk inson hurmatiga muzeyda har xil tadbirlar uyushtiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi I.V.Saviskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyida Oʻzbekistonga xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, Qoraqalpogʻiston xalq rassomi, muzeyning asoschisi va birinchi direktori Saviskiy Igor Vitalyevichning 105-yilligiga bagʻishlangan “Qum va quyosh” nomli onlayn koʻrgazma tashkil qilindi.
4-avgust – I.V.Saviskiyning tavallud topgan kuni. Har yili ushbu kunda buyuk inson hurmatiga muzeyda har xil tadbirlar uyushtiriladi. Joriy yil butun dunyoda hukm surayotgan pandemiya tufayli muzey jamoasi mehnati bilan onlayn koʻrgazma tashkil qilindi. Umuman, mart oyidan, yaʼni karantin choralari eʼlon qilingandan buyon muzey jamoasi har xil mavzularda onlayn koʻrgazma tashkil qilib kelmoqda. Onlayn koʻrgazmalar youtube kanali va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda keng omma eʼtiboriga havola etilmoqda.
Saviskiy Igor (1915-1984) 1915-yil 4-avgustda Kiyev shahrida tavallud topgan. Bolaligidan rasm chizishga qiziqqan. 1920-yillar boshlarida Saviskiyler oilasi Moskvaga koʻchadi. Igor rassomlardan maxsus dars oladi. 1930-yillarda Poligrafiya institutida, soʻng sanʼat bilim yurtida tahsil olgan. Urushdan avval u Surikov nomidagi sanʼat institutiga oʻqishga kirib R.Falk, N.Ulyanov, K.Istomin kabi mashhur rassomlarning tasviriy sanʼat sirlarini oʻrganadi.
1942-yilda institut talabalari bilan birgalikda Samarqand shahriga evakuatsiya qilinadi. Bu yer uning keyingi taqdirida katta taʼsir koʻrsatgan. Sababi bu uning Oʻrta Osiyo bilan ilk tanishuvi boʻldi. Bu oʻlkaga boʻlgan qiziqishi uni urushdan (1950-1952 yy) keyin yana bu yerga olib keldi va shu tariqa Qoraqalpogʻistonga yoʻli tushdi. Bu yerga u Xorazm arxelogik-etnogafik ekspeditsiyasi rassomi sifatida taklif qilinadi. Keyinchalik u bu makonni cheksiz sevib qoladi va Moskvani butunlay tashlab Qoraqalpogʻistonda yashashga qaror qiladi.
I.V. Saviskiy sanʼatga shaydo boʻlgan va bu sohaga butun umrini baxsh etgan. U koʻp qirrali inson sanaladi. Tasviriy sanʼat, toʻplash ishlari, etnografiya, arxeologiya, restavratsiya – bular uning olib borgan faoliyatining toʻliq boʻlmagan roʻyxati. U qoraqalpoqlarning amaliy sanʼati namunalarini va 1920 -1930-yillarga tegishli Oʻzbekiston hamda Rossiya tasviriy sanʼati boʻyicha kolleksiyalarini toʻpladi. Natijada uning ismi va u asos solgan muzeyning dongʻi butun dunyoga mashhur boʻldi.