“Bu yorug‘ dunyoda o‘chmas chirog‘im”
Chin iste’dod egalari, haqiqiy ijodkorlar o‘z asarlari bilan doimo tirik, nomlari mangu yashaydi. Shunday qalami dili, tili bilan bir ijodkorlardan biri O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufdir. Hassos shoir tirik bo‘lganida bugun 67 bahorni qarshi olgan bo‘lardi.
Xalqparvar shoir xotirasini yod etish, asarlarini ommalashtirish maqsadida mamlakatimizda turli xil tadbirlar, konferensiyalar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 67 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir avvalida institut jamoasi tomonidan Muhammad Yusuf xotirasiga hurmat bajo keltirilib, shoir haykali poyiga gullar qo‘yildi.

Institutda davom etgan madaniy-ma’rifiy tadbirda so‘zga chiqqanlar Vatan va muhabbat kuychisi – Muhammad Yusufning hayoti va sermahsul ijodi, shoir qoldirgan boy ma’naviy merosning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi roli haqida gapirdilar. Shoirning zamondoshlari tomonidan Muhammad Yusuf hayoti va ijodi bilan bog‘liq xotiralar yana bir bora yodga olindi.
Institut professor-o‘qituvchilari, talabalar tomonidan Muhammad Yusuf she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlar ijro qilinib, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev shunday dedi:

– Xalqparvar va haqparvar shoir, insonning ichki kechinmalarining mohir tarjimoni Muhammad Yusufning hayoti va boy merosini qancha o‘rgansak, shuncha oz. Shoir qalami qalbi bilan hamohang ijodkordir. U nimaiki yozsa, qalbdan yozadi, har qanaqa ortiqcha tashbehlarsiz ifoda etadi. Uning ijodida ona Vatan, sevgi-muhabbat, yorga sadoqat, vafo, mehr-oqibat kabi tuyg‘ular tarannumini kuzatishimiz mumkin.
Muhammad Yusufning “Qora quyosh” dramatik dostoni asosida O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo hamda Shavkat Do‘stmuhammadlar muallifligida tayyorlangan “Qora quyosh” spektakli namoyish etildi.

Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir singari yurt o‘g‘lonlarining ichki kechinmalari ochib berilgan, XX asrning mudhish voqealarini o‘zida mujassam etgan sahna asari bugungi yosh avlodni ozodlik, erk, mustaqillikning qadriga yetishga undaydi. bugungi farovon kunga yetish uchun bobolarimiz chekkan zahmatlardan tomoshabinlarni boxabar qiladi. Asar Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama teatri rejissyori Doston Xudoyberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan, teatr rassomi Mirjalol Xoliqov tomonidan bezatilgan, bosh rollarni institut talabalari ijro etgan.
Tadbirda ishtirok etgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari tomonidan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga kitoblar sovg‘a qilindi.
Muhammad Yusuf yaratgan she’rlar qo‘shiqlarga aylanib, yozgan dostonlari asosida spektakllar yaratilib, xalqimizga ma’naviy ozuqa berish, kishilarni o‘tmishga teran ko‘z bilan qarashga undamoqda. Zero, Muhammad Yusuf e’tirof etganidek, bu yorug‘ dunyoda o‘chmas chirog‘i.
Fayzullo Yahyoyev,
O‘zA