Bu yilgi paxtachilikda nima o‘zgaradi? (+video)
Joriy yil respublikamizda 878 ming gektar maydonga urug‘lik chigit qadalishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan, o‘tgan yili ekilgan 18 xil xorijiy paxta navidan istiqbolli deb topilgan, iqlim va yerlarimizga mos navlari tanlab olinib, urug‘chiligi tashkil etilgandi va ana urug‘lar joriy mavsumda 20 foiz paxta maydonlariga ekilishi belgilandi.
Yana 20 foiz maydonda mahalliy g‘o‘za navlari yuqori samarador intensiv agrotexnologiya asosida 76x10 qo‘shqator sxemada 240 ming ko‘chat soni bilan plyonka ostiga ekiladi. Qolgan 60 foiz yerga ilmiy asoslangan nav joylashtirish rejasi asosida hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, ya’ni sho‘rlanish, suv ta’minoti, sizot suvlarining nisbati, kasallik “o‘choqlari” omillarini hisobga olgan holda tindirilgan urug‘lik, mahalliy g‘o‘za navlari ekiladi. Bunda 90 sm sxemadan butunlay voz kechiladi.
Shuningdek, qo‘shimcha tarzda 2025 yil hosili uchun yana 150 ming gektar paxta maydoniga xorijiy 12 xil g‘o‘za navi urug‘ligi chet davlatlaridan olib kelinib ekilishi va tajriba-sinov ishlarining tashkil etilishi reja qilinmoqda.
- Ma’lumki, Prezidentimizning 391-sonli qarorlariga asosan 2024 yilda 18 xil xorijiy g‘o‘za navlari, jami 2475 tonna urug‘lik Xitoy, Hindiston, Turkiya va AQSHdan olib kelinib, paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklarining yer maydonlariga ekildi, - deydi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov. – Qarorga asosan bu paxta ekiladigan maydonlarning 10 foizini tashkil etgandi. Ana shu xorijiy g‘o‘za navlarini yetishtirish natijalarini tahlil qilsak, Xitoydan keltirilgan navlar tezpisharligi, tolasi, hosildorligi va boshqa ko‘rsatkichlarga ko‘ra ijobiy natijalarga erishildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sYfft-EhDKE" title="Bu yilgi paxtachilikda nima o‘zgaradi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Hozirda xorijiy paxta navlaridan jamg‘arilgan 17.5 ming tonna urug‘lik tayyorlanmoqda. Bunda, avvalo, sifatli qayta ishlash tashkil etilib, markazlashgan holda Buxoro, Namangan, Toshkent va Jizzax viloyatlarida lazerli fotoseparator yordamida urug‘liklar saralanadi. Shuningdek, urug‘ning unuvchanligini oshirish maqsadida mikrobiologik preparatlar ham parallel ravishda qo‘llaniladi. Bundan tashqari, nav tozaligini baholash uchun xorijdan keltirilgan urug‘lar zamonaviy laboratoriyalarda molekulyar-genetik jihatdan tahlil qilinadi.
Xullas, o‘tgan mavsumda xorijiy navlarning sinovlari natijalari umumlashtirilib, istiqbolli deb topilganlari dehqonlarimizga tavsiya etiladi.
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA