Bu yilgi Navro‘z muborak Ramazon hayiti bayrami bilan hamohang tarzda nishonlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi 2026-yil 6-martdagi PQ-82-son qaroriga muvofiq, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda "Navro‘zni ulug‘lash - insonni ulug‘lashdir!" degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot tadbirlari dasturi amalga oshiriladi.
Joylarda Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan barcha tadbirlarni yuksak darajada tashkil etish, ularda yurtdoshlarimizning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi:
a) bayram tadbirlarini borliqning uyg‘onishi, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona zaminga mehr va e’tiborni ifoda etadigan, yurtdoshlarimizni tinch va osuda hayotimizni qadrlab, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanib, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga chorlaydigan ta’sirchan mazmun va shaklda o‘tkazish;
b) mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, o‘zaro birlik va hamjihatlik fazilatlari Navro‘z kunlarida ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lishini targ‘ib etish;
v) bu yilgi Navro‘z muborak Ramazon hayiti bayrami bilan hamohang tarzda nishonlanishi uning insonparvarlik tamoyillarini yanada kuchaytirishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, "Mehribonlik", "Saxovat" va "Muruvvat" uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun bayram dasturxonlarini tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini mahalla faollari, yoshlar va xotin-qizlar vakillari ishtirokida uyushqoqlik bilan o‘tkazish;
g) "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, bayram arafasida barcha hududlarda, ko‘cha va maydonlar, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini o‘tkazish, "Men ham ko‘chat ekaman" aksiyalarini, umumxalk, hasharlarini tashkil etish;
d) jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash maqsadida yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar vakillarining milliy urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarini keng namoyish qilish;
j) bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish, kitob ko‘rgazmalari, arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, ko‘chma savdo do‘konlarini tashkil etish, ko‘klam taomlarini tayyorlash hamda bu borada ko‘rgazmali savdo va tanlovlarni uyushtirish;
z) barcha shahar va qishloqlarda o‘tkaziladigan bayram tantanalarida, ommaviy axborot vositalarida Navro‘z bayramining tarixi, har bir hududda uni nishonlash bilan bog‘liq udum va an’analarni keng yoritish;
i) Toshkent shahridagi "Yangi O‘zbekiston" majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etish.
O‘zA