Bu gaplar bugun kimlar uchundir ertakka o‘xshar, ammo...
Ulkan o‘zgarishlar oqimiga kirdikki, bu jarayon O‘zbekistonda yashaydigan yoshu-qari fikrini o‘ziga tortyapti. Biz Konstitutsiyaga befarq emasmiz. Har kuni televizor orqali jarayonni kuzatyapmiz, qizg‘in bahslarni ko‘ryapmiz.
Yangilanishlar borasidagi ochiq bahs va munosabatlarning o‘ziyoq, O‘zbekistonda buyuk o‘zgarishlar ro‘y berayotganidan yaqqol dalolat beradi. O‘n yil oldin ana shunday ochiq bahs qila olarmidik? Internet shu qadar ochiqmidi? 2016 yilgacha bunday erkin mulohazalar yuritishni tasavvuringizga ham sig‘dira olmasdingiz. Uncha-muncha odamlar hatto internet orqali ham fikrini bayon etishdan haymiqar edi.
Turli vahimalarning o‘ziyoq kishilarni hur fikrdan qaytarardi. Ko‘chada turgan mashinadan ham asossiz shubhalanishlar uchrar, katta majlislar bo‘lsa, tuman madaniyat uyiga fermerlarni bir gala qilib haydab kirishardi. Shunday davrlarni ham ko‘rdik-ku!
Yana bir misol, deylik, mashina olmoqchi bo‘lsangiz, avtosalondagilar «Faqat AQSH dollari olib kelasiz», deyishar, banklardan esa dollarni erkin olishning imkoni yo‘q edi. Na iloj, ishingiz o‘sha «qora bozor»ga tushardi. U yerdagi hiylagarlar dastidan esa bor pulimizning cho‘g‘i ham turli usullarda kamayib qolardi. Hech narsani isbotlay olmaysiz, militsionerga murojaat qila olmaysiz, chunki dollar oldi-sotdisiga aralashishning o‘zi ham jinoyat deb ro‘kachni o‘zingizga qaytarar, bir zumda jinoyatchilar qolib o‘zingiz, «qip-qizil jinoyatchi» bo‘lib qolishingiz ham hech gap emasdi. Shu kunlarni ham ko‘rdik-ku!
Mana endi, o‘z pulingni istagandek sarf qilish imkoni bo‘ldi. G‘allangni bozor bahosida erkin sotaver! Xohlamasang, majlislarga borma! Shartnomangni bajarib qo‘y-da, o‘z ishingni qilaver. Dollarmi, so‘mmi, istagancha almashavering. Bir paytlar plastikdagi o‘z pulimizni yigirma foiz zarari bilan naqdlashtirganimiz ham bor gapku. Shunday kunlarga ham sabr bilan chidagan edik.
Bu gaplar bugun kimlar uchundir ertakka o‘xshar, ammo bu yaqin o‘tmish xotiralaridan o‘chmaydi. Endi esa hatto uyda o‘tirib barcha kommunal to‘lovlarni telefon orqali to‘layapmiz, hisob-kitob qilyapmiz. Kimlardir buni «O‘zi shunaqa bo‘lishi kerak. Buning uchun hech kimdan minnatdor bo‘lish shart emas», der, ammo amalga oshirilgan o‘zgarishlarni sanayotib, mana shuning o‘zi bizning og‘irimizni yengil qilganini tan olmay ilojimiz yo‘q.
2016 yilga qadar fermerlarning ko‘rgan-kechirganlari orasida o‘z pensiyasini plastik kartaga o‘tkazaman, deb uch oylab sarson bo‘lganlari bo‘lmaganmi? Bugun esa pensiyalar o‘z vaqtida fuqaroning xohishiga qarab yetkazib berilmoqda, shu emasmi inson qadriga hurmat?
Konstitutsiya o‘zgartirilishi munosabati bilan boshlangan bahs-munozaralar, takliflar zamirida ham yangilanayotgan davr uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish maqsadi yotganidan hech shubha qilmasak ham bo‘ladi, demak.
Ana shu o‘zgarishlarning bir qismi, tabiiy davomi esa oxir-oqibat, albatta bitta nuqtada to‘xtaydi – inson qadri va ertangi imkoniyatlar davri! Biz esa bunday jarayondan chetda qolmay qo‘llab-quvvatlasak, o‘z-o‘zidan yurtga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotgan bo‘lamiz.
Zulayho SATTAROVA,
Jizzax viloyati Zarbdor tumanida yashovchi pensioner