BRIKS sammitining yakuniy deklaratsiyasi qabul qilindi
BRIKSga a’zo mamlakatlar yetakchilari (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, JAR) sammit yakunlari bo‘yicha Nyu-Deli deklaratsiyasini qabul qildi.
Sammit videoaloqa shaklida bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar Afg‘onistonda barcha tomonni zo‘rovonlikdan tiyilishga chaqirdi, terrorchilikka va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash muhim ekanini ta’kidlashdi, mamlakatda gumanitar vaziyatni izga tushirish va inson, jumladan ayollar, bolalar va ozchillik huquqlarini himoya qilish zarur ekanini qayd etishdi.
Bundan tashqari, sammit ishtirokchilari COVID-19 ga qarshi emlash bo‘yicha qabul qilingan milliy hujjatlarni o‘zaro tan olish uchun xalqaro sa’y-harakatlar muhim ekanini ham e’tirof etishdi.
BRIKS a’zolarining fikricha, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda uning kelib chiqishini o‘rganish bilan bog‘liq masala bo‘yicha o‘zaro hamkorlik zarur.
Davlat rahbarlari terrorchilik, kiberjinoyatchilik va yolg‘on ma’lumotlar tarqatish tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha ham yakdil fikr bildirgan.
"Biz davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilamiz va barcha mojarolar siyosiy va diplomatik sa’y-harakatlar yo‘li bilan, xalqaro huquqlarga, xususan BMT nizomiga muvofiq hal etilishini ma’qullaymiz", — deyiladi hujjatda.
Davlatlararo birlashma hisoblangan BRIKSning norasmiy o‘n uchinchi sammiti Hindiston raisligida bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashkilotga bundan 15 yil avval asos solingan edi.