Brayl alifbosidagi yangi nashrlar taqdimoti
O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar, ayollar va keksalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazda 19 fevral kuni brayl alifbosida chop etilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Taqdimotda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor ishtirokchilarni brayl alifbosidagi yangi kitoblar bilan tanishtirdi.

Tadbirda zoom platformasi orqali ishtirok etgan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining demokratlashtirish departamenti boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Megan Fitsdjerald xonim O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi. Xususan, nogironligi bor insonlarning o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarishi, ularning mamlakat taraqqiyoti yo‘lida barcha bilan teng mehnat qilishi, iqtidor va salohiyatini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlar mavjud ekanini ta’kidladi.
Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan shaxslarga Asosiy Qonunimizda nazarda tutilgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan norma va prinsiplari, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa bilan teng imkoniyatlar yaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va 2020 yil 15 oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun mamlakatimizda ilk bor brayl alifbosida nashr etildi. Ushbu kitoblar mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, bunday shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo‘lishi, jumladan, nogironligi borligidan qat’i nazar, insonni kamsitmaslik prinsipi yotadi.

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun shunday shaxslarning huquqlarini himoya qilishda zamonaviy usul va xalqaro standartlarni joriy etish, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmang” tamoyilini amalga oshirishga yordam beradi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tomonidan nashr etilgan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qo‘llanmasida ushbu hujjatning asosiy qoidalari, uni ratifikatsiya qilish va amalga oshirish jarayonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlangan. O‘quv qo‘llanma Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida o‘zbek tilida chop etildi.
Taqdimotda parlament a’zolari, nogironligi bo‘lgan shaxslar muammolari bilan shug‘ullanadigan davlat, nodavlat va xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar elchixonalari vakillari ishtirok etdi.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA